Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Botqoq hududlarsiz ekologik muvozanatni va bioxilma-xillikni asrab qolish mushkul
13:46 / 2026-02-03

"Butunjahon suv-botqoq yerlar kuni" munosabati bilan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida (“Green University”) “Suv-botqoq yerlar: Orol dengizi havzasidagi iqlim, quruqlik va suv chorrahasida” mavzusida ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.

Tadbir Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda BMT Taraqqiyot dasturining (BMTTD) O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda “Aral Sea Wetlands” loyihasi doirasida o‘tkazildi. Seminar davomida O‘zbekistondagi suv-botqoq yerlar, ko‘llar va sohil ekotizimlarining ahamiyati, ularning ekologik barqarorlikni ta’minlash, iqlim o‘zgarishiga moslashish va aholi turmush sifatini yaxshilashdagi o‘rni atroflicha muhokama qilindi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Ekologiya qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov suv-botqoq yerlarning tabiatdagi o‘rniga alohida to‘xtaldi.

— Suv-botqoq yerlar tabiatning “jigari”, ya’ni ekologik tizimni tozalovchi muhim bo‘g‘indir, – deydi Aziz Abduhakimov. —  Botqoq hududlarsiz ekologik muvozanatni va bioxilma-xillikni asrab qolish mushkul. Shu bois, O‘zbekistonda bu sohada katta ishlar amalga oshirilmoqda. Ayni kungacha mamlakatimizning beshta hududi Ramsar konvensiyasiga kiritilgan.

Seminar doirasida Ramsar konvensiyasini amalga oshirish bo‘yicha milliy tajribalar, suv-botqoq yerlarni muhofaza qilishga qaratilgan ilmiy yondashuvlar, shuningdek, “Aral Sea Wetlands” loyihasi doirasida erishilgan natijalar taqdim etildi. Qolaversa, yoshlarni jalb etish, ta’lim va fanning o‘rnini kuchaytirish, davlat idoralari, universitetlar va xalqaro tashkilotlar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

— Botqoq hududlar bio xilma-xillikning muhim manbai bo‘lib, ko‘plab aholining turmush tarzi va daromadi ushbu ekotizimlarga bog‘liq, –deydi BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii. –  Bugungi kunda O‘zbekiston hududining 4 foizi botqoqliklardan iborat. BMTTD esa 11 ta muhofaza etiladigan hududda yovvoyi tabiat uchun mo‘ljallangan suv nuqtalarini monitoring qilish tizimini takomillashtirishni qo‘llab-quvvatlamoqda.  

Tadbirda mutaxassislarning ta’kidlashicha, suv-botqoq yerlar suv toshqinlari va qurg‘oqchilik xavfini kamaytirish, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatishda muhim ahamiyatga ega. Yer yuzasining taxminan 6 foizini egallashiga qaramasdan, dunyodagi o‘simlik va hayvonot turlarining qariyb 40 foizi aynan shu hududlarda jamlangan. Shu bois, ushbu ekotizimlarni asrash va tiklash mamlakatning barqaror kelajagi uchun strategik ahamiyat kasb etadi.

Tadbir yakunida Orol dengizi havzasida suv-botqoq ekotizimlarni muhofaza qilish, yer va suv resurslarini barqaror boshqarish hamda o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, bugungi kunda Ramsar ro‘yxatiga O‘zbekistonning beshta ob’ekti — Dengizko‘l, Arnasoy ko‘llar tizimi, To‘dako‘l va Quyimozor suv omborlari, Sudoche ko‘llari hamda Jiltirbas ko‘li kiritilgan.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA