Qirg‘iz Respublikasining Botken shahrida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston chegaraoldi hududlari madaniyat va san’at ustalari ishtirokida “Ыr mayramы” (Qo‘shiq bayrami) xalqaro musiqa festivali bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi Farg‘ona viloyati delegatsiyasi ham ishtirok etdi.
Shaharning markaziy o‘yingohida bo‘lib o‘tgan tadbirda dastlab uch xalqning hamjihatligini ifoda etuvchi sahnalashtirilgan ko‘rinish namoyish etildi.
Tantanali ochilish marosimida so‘zga chiqqan Qirg‘iz Respublikasi Prezidentining Botken viloyatidagi vakolatli vakili Aybek Shamenov, Tojikistonning So‘g‘d viloyati raisi o‘rinbosari Zaynura Oqilzoda azaldan tinch-totuv, ahil va inoq hayot kechirib kelayotgan uch xalqning o‘zaro tarixi, madaniy va diniy qadriyatlari mushtarak ekanini alohida ta’kidladi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda davlatlar o‘rtasidagi yaqin qo‘shnichilik munosabatlari yanada mustahkamlangani, bu jarayonda davlat rahbarlarining siyosiy irodasi, ochiq va pragmatik siyosati hal qiluvchi ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.

Festivalda so‘zga chiqqan Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona va o‘zaro manfaatli hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilganini, chegaralar ochilishi xalqlarimizning yanada yaqinlashishiga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Joriy yilning 31 mart kuni Xo‘jand shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov ishtirokidagi uch tomonlama uchrashuv, unda davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi tarixiy shartnoma imzolangani hamda Qo‘shma deklaratsiya qabul qilingani xalqlarimiz ko‘p yillardan buyon kutgan muhim voqelik bo‘lgani e’tirof etildi.

–Tantanali ravishda ochilgan Do‘stlik stellasi qardosh mamlakatlar o‘rtasida mustahkamlanib borayotgan yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va strategik sheriklik munosabatlarining yangi ramziga aylandi, – dedi viloyat hokimi.
Shuningdek, viloyat hokimi Xayrullo Bozorov festivalda ishtirok etayotgan uch xalqning san’at ustalariga minnatdorlik bildirib, san’at va do‘stlik bayrami bilan yig‘ilganlarni tabrikladi.

Festival doirasida o‘zbek, qirg‘iz va tojik san’atkorlari ishtirokida gala-konsert bo‘lib o‘tdi. Unda xalqlarimizning o‘ziga xos san’at durdonalari va boy madaniy merosi yorqin bo‘y ko‘rsatdi. O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov rahbarligidagi “Yalla” guruhi, Sevinch Mo‘minova kabi o‘zbekistonlik mashhur san’at ustalarining chiqishlari festival ishtirokchilari tomonidan olqishlar bilan qarshi olindi.
Tadbir davomida xalqlarimiz birdamligi va hamjihatligi yana bir bor namoyon bo‘ldi. Tinchlik, do‘stlik yana bir bor ulug‘landi.

Osmon uzra otilgan mushaklar barcha festival ishtirokchilari va yig‘ilganlarga o‘zgacha quvonch va xushkayfiyat ulashdi.
M.Sulaymonov, O‘zA