O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida yangi kitob
Atoqli navoiyshunos olim Botirxon Akramning “Fasohat mulkining sohibqironi” nomli kitobi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida nashrdan chiqdi.
Kitobdan alloma, mumtoz adabiyotimiz bilimdoni Botirxon Akramning “Fasohat mulkining sohibqironi” va “Navoiy shohbaytlari” asarlari joy olgan.
Muallif Hazrat Alisher Navoiyga bag‘ishlangan ushbu kitobini atoqli olim, umrini Navoiy ijodini tadqiq, tahlil qilishga bag‘ishlagan navoiyshunos Hamid Sulaymonga bag‘ishlaydi.
Botirxon Akram Alisher Navoiydek daho “so‘z gavhari”ni fasohat ila tahlil qiladi. Ulug‘ shoirning o‘lmas baytlari zamirida singdirilgan falsafiy – ruhiy, ma’naviy javohirlarni topib, o‘quvchiga taqdim etadi. Shubhasiz, bu oson yumush emas.
Zahiriddin Muhammad Bobur Hirotda bo‘lgan kunlarida Navoiy maqbarasini, ulug‘ shoir bunyod etgan “Ixlosiya”, Xalosiya”, “Unsiya” kabi xonaqohlarni, boshqa aziz qadamjolarni tavof qilar ekan, jahongashta umrining tansiq va qutlug‘ xotiroti uchun o‘zining xattotu sahhoflariga shunday amr qiladi: “Navoiy kulliyotidan shaxsan Boburning o‘zi nazaridan o‘tkazgan terma baytlarni maxsus zarvaraqlarga ko‘chirsinlar...”. Tazkiranavislar bunday saylanma she’riy satrlarni shohbaytlar deb ataydilar.
Botirxon Akram ham ushbu kitobda Alisher Navoiyning lirik devonlaridan, qisman, epik dostonlaridan qalbga yaqin va matlub shohbaytlarni olib, sharhlagan.
Atoqli olimning bu og‘ir va zahmatli ishi Hazrat Alisher Navoiyning ushbu da’vatlariga javob o‘laroq yangraydi:
Degonimni ulusqa marg‘ub et,
Yozg‘onimni ko‘ngulga mahbub et,
Tilga lafzini nogo‘zir ayla,
Jonga nazmini dilpazir ayla,
Xalqqa zebi torak ayla oni,
O‘qig‘onga muborak ayla oni,
Yetti aflokni anga yor et,
Yetti iqlim elin xaridor et!
Botirxon Akramning “Fasohat mulkining sohibqironi” kitobini, albatta, o‘qing.
A.Narzulloyev, O‘zA