O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirovning ijodi shu qadar yuksakki, hali hamon unga teng keladigani topilmadi, desak yanglishmagan bo‘lamiz. Madaniyat vazirligi tomonidan ustoz san’atkor tavalludining 85 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan «Botir Zokirov san’ati davomchilari» respublika ko‘rik-tanlovining shu kunlarda bo‘lib o‘tayotgan hududiy bosqichlarini kuzatib, bunga yana bir karra ishonch hosil qilish mumkin.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 2 dekabrdagi «O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov tavalludining 85 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qarori milliy estrada san’atimiz asoschilaridan biri, zamonaviy o‘zbek madaniyatini dunyo miqyosida keng targ‘ib etish, ijodiy va ijtimoiy faoliyati bilan xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk san’atkor ijodiy merosini kengroq o‘rganish, uni yoshlarga targ‘ib etishda muhim omil bo‘lmoqda.
Poytaxtimizdagi 1-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida tanlovning Toshkent shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda qirq nafarga yaqin yosh ijrochi o‘z iste’dodi va mahoratini ko‘rikdan o‘tkazdi.
Yoshlarning ijrosi Dilorom Omonullayeva, Mansur Toshmatov kabi milliy estrada san’ati fidoyilari tomonidan baholanib borilgani tanlovning haqqoniy va xolis kechishida muhim ahamiyat kasb etdi. Loyiha yosh xonandalarga o‘z salohiyatini yetuk mutaxassislar ko‘rigidan o‘tkazish, o‘z faoliyatini teran tahlil etish imkonini bergani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Tanlov davomida yoshlarning ijro mahorati, ovoz imkoniyatlari, sahna madaniyatiga asosiy e’tibor qaratildi. Olti nafar yosh ishtirokchi ijodiy loyihaning respublika bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi. Chindan ham, yoshlarimiz ustoz san’atkor Botir Zokirovning ijod maktabidan hali o‘rganishi, izlanishi kerak bo‘lgan jihatlar bisyor ekaniga, «ustoz xonandaning izdoshi», degan yuksak nomga munosib bo‘lish katta bilim, mas’uliyat yuklashiga yana bir karra ishonch hosil qildilar.
N.Usmonova, O‘zA