Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Botir Zaripov: “Xalqaro forum doirasida bildiriladigan tavsiya va takliflar juda muhimdir”
11:33 / 2022-05-26

Buxoroda o‘tkazilayotgan O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish xalqaro forumida Bosh vazir o‘rinbosari, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov, Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov so‘zga chiqdi.

Shanxay Hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Chjan Min hamda BMT Taraqqiyot dasturi Bosh kotibi o‘rinbosari va yordamchi ma’muri onlayn muloqotda bo‘ldi. 

–Prezidentimiz tomonidan Yangi O‘zbekistonning Uchinchi Renessansini barpo etishda birinchi navbatda kambag‘allikni qisqartirish, aholi turmush darajasini yuksaltirish, eng asosiysi xalqni rozi qilish masalalari ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilab olindi, – dedi viloyat hokimi. – 2020 yildagi Parlamentga murojaatda ham kambag‘allikni qisqartirishga alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, 2020 yil 24 sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining 75-sessiyasida davlatimiz rahbari o‘z nutqida “Tobora tashvishli ohang kasb etayotgan qashshoqlikning ovozi butun dunyo hamjamiyatini, barchamizni bezovta qilishi zarur” deb ta’kidladi. 

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan aholining ijtimoiy zaif qatlami vakillarini aniqlash, kambag‘al aholiga ko‘mak berish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlarni viloyatimizda izchil davom ettirish maqsadida hududiy ishchi guruhlar tomonidan har bir mahalla xatlovdan o‘tkazildi. Xatlov natijalariga ko‘ra, aniqlangan kambag‘al oilalar “Temir daftar” ga kiritildi. Kambag‘allikni qisqartirishning nostandart usuli sifatida “Mahallabay” ish tizimi hamda “hokim yordamchisi” instituti tashkil etildi. Viloyatdagi 544 ta mahalla hokim yordamchilari tomonidan o‘tkazilgan xatlov natijasida aniqlangan ishsiz fuqarolarning bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish orqali kambag‘allikni qisqartirish maqsadida viloyatda bir nechta yo‘nalishlarda ishlar olib borilmoqda. 

Birinchidan, viloyatdagi fermer xo‘jaliklari va klasterlar foydalanishidagi past hosilli paxta va g‘alladan qisqartirilgan maydonlar hisobidan aholiga ijara asosida ekin yeri ajratildi. Shu bilan birga aniqlangan ishsiz aholi talabiga asosan markazlashgan holda aholi tomorqasida issiqxonachilikni rivojlantirish va shu orqali ular daromadlarini oshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. bugungi kunga qadar 12 ming 168 ta oilaga kredit evaziga 121,7 gektar aholi tomorqalarida kichik  issiqxonalar hamda 939 oilaning 9,4 gektar tomorqasida issiqxonalar qurib berildi. 

Ikkinchidan, aholiga oilaviy tadbirkorlik qilish uchun kredit ajratish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Shu paytgacha 11 ming 939 ta sub’ektga 279 milliard so‘mlik imtiyozli kredit ajratildi.

[gallery-7280]

Uchinchidan, aholiga markazlashgan holda parranda va chorva tarqatish yo‘lga qo‘yildi. bugungi kunga qadar 6 ming 200 ta oilaga markazlashgan holda kredit evaziga 2,4 ming bosh naslli chorva mollari va 3,9 ming bosh naslli qo‘y tarqatildi. Shuningdek, viloyatdagi 5 ta parrandachilik xo‘jaliklari tomonidan 2021 yilning 25 dekabrdan boshlab jami 430 ming bosh tuxum yo‘nalishidagi bir kunlik jo‘jalar boqishga qo‘yildi. Ushbu maqsad uchun parrandachilik korxonalariga aylanma mablag‘ sifatida 5,8 milliard so‘m kredit ajratildi. bugungi kunga qadar, har bir oilaga 100 boshdan 300 boshgacha va istagiga ko‘ra undan ham ko‘proq, jami 2188 ta oilaga 249 mingdan ortiq parranda tarqatildi. 
Misol uchun, Jondor tumani Yangiobod mahallasida “Arjumandbonu chorvasi” fermer xo‘jaligi xonadonlarda kooperatsiya asosida broyler tovuqlari boqishni yo‘lga qo‘ygan. 

Aholi o‘z xonadonida 300 tadan – 1000 tagacha tovuq boqib, 40-45 kun ichida 3 million so‘mdan 10 million so‘mgacha daromad qilmoqda. Hozirda aholi yashash punktidan uzoqroqda joylashgan noqishloq xo‘jalik yer maydonida 50 ta har biri 4 ming bosh parranda boqishga mo‘ljallangan tovuqchilik kompleksi qurilmoqda. Har bir kompleks 10 sotix maydondan iborat bo‘lib, bitta yashash binosi, bitta tovuqxona va omborxonani o‘z ichiga oladi.bugungi kunda fuqaro O‘ktam Qorayev ana shunday kompleksda 4 mingta tovuq boqib, 45 kunda xarajatdan tashqari,  40 million  so‘mga yaqin daromad qildi. Bir yilda bu o‘rtacha 200 million so‘mgacha ko‘payishi mumkin. 

Yana bir yo‘nalish – mahallalarda xizmat ko‘rsatish ob’ektlari joylashgan mahalla markazlarini tashkil etish hisoblanadi. Viloyatda aholi ehtiyojidan kelib chiqqan holda 87 ta xizmat ko‘rsatish markazlarini tashkil etish orqali 8630 ta yangi ish o‘rni yaratish belgilab olindi. Albatta keltirilgan raqamlar Prezidentimiz tomondan aholi turmush tarzini yaxshilash maqsadida so‘nggi bir yilda faqatgina Buxoro viloyatida olib borilayotgan ishlarning ayrimlari xolos. Bu boradagi ishlarimizni yanada rivojlantirishda sizning bugungi forum doirasida beradigan tavsiya va takliflaringiz juda muhimdir.

Zarif Komilov, 
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA