Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Botir Zaripov Shofirkon tumanida yangidan barpo etilayotgan 260 o‘rinli shifoxona qurilishi bilan tanishdi.
Zamonaviy loyiha asosida qurilayotgan 5 qavatli shifoxona pudrat korxonasi — “Xo‘ja G‘ulomte” mas’uliyati cheklangan jamiyati binokorlari tomonidan bunyod etilmoqda.

Tuman hokimi Shukurulla Hakimov hamda qurilish-pudrat korxonasi rahbari Ulug‘bek Karimovlar viloyat hokimiga qiymati 40 milliard 98 million so‘mga moliyalashtirilgan ko‘p tarmoqli zamonaviy shifo maskanida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Botir Zaripov ob’ektda belgilangan ishlar sust olib borilayotganini ta’kidladlab, 2021 yil 1 sentyabr – Davlatimiz mustaqilligining 30 yilligida tuman aholisiga tuhfa etish zarurligini uqtirdi. Shu yerning o‘zida viloyat hokimi mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “Shofirkon dehqon bozori” hamda “Shofirkon savdo kompleksi”ni qayta ta’mirlash, bu yerda rejalashtirilgan bunyodkorlik ishlari, shu qatorda “Bog‘iafzal” mahalla fuqarolar yig‘inida 10 gektar yer maydonida barpo qilinishi mo‘ljallangan “Yoshlar kichik sanoat zonasi” loyihasini ko‘zdan kechirdi.

Yangi yil oldidan aholiga yaratilgan qulaylik, xususan, elimiz dasturxoni to‘kinligini ta’minlash maqsadida hududda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan qiziqqan viloyat hokimi B.Zaripov tuman mutasaddilari hamrohligida “Shofirkon dehqon bozori” MCHJ da bo‘ldi. Tumanda yaratilgan mahsulot zaxirasi, narx-navo, qolaversa, aholiga ko‘rsatilayotgan savdo xizmati bilan tanishdi. Bu yerda iste’molchilarga taqdim etilayotgan mahsulotlar turlari, sifati, narxi bo‘yicha sotuvchilar bilan suhbatlashildi.

Tumanda aholiga transport xizmati ko‘rsatishda muammolar yig‘ilib qolayotgani, mazkur infratuzilmani takomillashtirish talab va ehtiyojidan kelib chiqqan holda zamonaviy loyiha asosida avtobekat barpo qilish masalasi ham viloyat hokimining e’tiboridan chetda qolmadi. O‘z o‘rnida viloyat rahbariga avtobekat uchun mo‘ljallangan hududlar tanishtirildi. Mutasaddilarga kerakli tavsiya va topshiriqlar berildi.
Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Botir Zaripov shofirkonlik Ne’mat Nurovning xonadonida bo‘ldi. Oila a’zolarining bugungi kayfiyati, mehnat qobiliyati, qolaversa, ro‘zg‘or kam-ko‘stini butlash maqsadida issiqxonadan foydalanishning ahvoli bilan qiziqdi. Ikkinchi guruh nogironi — imkoniyati cheklangan bo‘lishiga qaramay, oila sohibi Ne’mat Nurovning ayoli Muhabbat Vosiyeva hamda farzandlari ko‘magida halol mehnat ortidan daromad olishga bo‘lgan intilishi, mehnatsevarligi barobarida ruhan dadil va bardamligi, unga yaratib berilgan imkoniyatdan unumli foydalanayotgani yuqori baholandi.
Issiqxonada ayni paytda rediska va turli ko‘katlar yetishtirish uchun tuproq tayyor holga keltirilgan. Yangi yilning dastlabki oylaridan bu xonadonga pomidor ko‘chatlari bepul yetkazib beriladi. Fuqaroga issiqxonada haroratni me’yorida saqlash uchun konditsioner yoxud ko‘mir bilan isitiladigan kichik qozon o‘rnatish taklifi bildirildi. Bu masalada tuman rahbari tomonidan amaliy yordam ko‘rsatilishi aytildi. Ne’mat Nurov hamda xonadon bekasi Muhabbat Vosiyevalar ko‘rsatilayotgan e’tibor va ishonch uchun minnatdorlik bildirdi

Zarif Komilov, O‘zA