Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasi boshlandi.
Unda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Botir Zaripov viloyatning 2020 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va kelgusi yilning istiqbolli rejalari haqida xalqqa murojaat qildi.
Sessiyada Oliy Majlis Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi va viloyat Kengashi deputatlari, huquq-tartibot idoralari, davlat va nodavlat tashkilotlari rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari, yoshlar, ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar qatnashmoqda.

-Albatta, o‘tayotgan yilda amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda kamchiliklarimiz borligini ham tan olamiz, -- deydi viloyat rahbari. - Xususan, aholi va deputatlarimiz bilan muloqot qilganimizda odamlarni tabiiy gaz va elektr energiyasi ta’minotidagi muammolar, ichki yo‘llar ahvoli, ichimlik suvi, kanalizatsiya, irrigatsiya–meloratsiya tizimi, maktabgacha ta’lim muassasalari yetishmovchiligi, ishsizlik, shahar va tuman markazlari aholisi uchun istirohat bog‘lar va bolalar o‘yingohlari yetishmayotganligi kabi muammolar ko‘proq qiynayotganligi ma’lum bo‘lmoqda.
Poyoniga yetayotgan yilda yurtimizning barcha hududlarida bo‘lganidek, viloyatimizda ham ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Iqtisodiyotimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini ta’minlovchi ko‘plab istiqbolli loyihalar amalga oshirildi.

Joriy yil davomida investitsion loyihalarni ishga tushirish hamda tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash natijasida viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi, pandemiya ta’siriga qaramasdan, 30 trillion 300 milliard so‘mga yetib, aholi jon boshiga 15 million 600 ming so‘mni tashkil qilishi kutilmoqda.
Sanoatda - 17 trillion 600 milliard so‘mlik, qishloq xo‘jaligida - 22 trillion 900 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqariladi. 5 trillion so‘mlik qurilish-pudrat ishlari bajariladi. 10 trillion 700 milliard so‘mlik chakana savdo va 9 trillion 400 milliard so‘mlik xizmatlar ko‘rsatiladi.
Viloyat byudjetining daromad qismi belgilangan rejadan 112 foizga, ya’ni 211 milliard so‘mga ortig‘i bilan bajarilishi kutilmoqda.
Jamoatchilik fikri asosida shakllangan tadbirlarni moliyalashtirishga 18,5 milliard so‘m yoki shahar va tumanlar qo‘shimcha manbalarining 34 foizi, ijtimoiy soha muassasalarida qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirishga 35 milliard so‘m sarflandi.
Viloyatdagi ko‘p qavatli uy-joylardagi aholi tomonidan ko‘tarilgan muammolarni, jumladan, ko‘p qavatli uy-joylarning tom qismi, issiqlik tizimi, yerto‘la va uylarga kirish yo‘laklarini ta’mirlash ishlariga 15,4 milliard so‘m, ichki yo‘llarni ta’mirlash va tartibga keltirishga 7 milliard so‘m, koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish va karantin tadbirlarini tashkil etishga 5,5 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.
Zarif Komilov, O‘zA