English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Botir Zaripov: Fuqarolar murojaatlariga loqayd va e’tiborsiz, panja orasidan qarayotgan har bir rahbar faoliyatiga nisbatan qonuniy munosabat bildiriladi
14:07 / 2021-02-20

Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripovning xalq bilan navbatdagi ochiq muloqoti viloyat hokimligida tashkil qilindi. Unda hokimlik mutasaddilari, hudud sektorlari, tashkilot, idora va boshqarmalar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Qabulga kelgan 289 ta murojaat egasi o‘z muammosi bilan bevosita viloyat hokimiga yuzlandi.

Viloyat hokimi o‘rinbosarlari, sektor rahbarlari, shahar va tumanlar hokimlari, tegishli tashkilot, idora va boshqarmalar boshliqlari ham qabulga kelgan fuqarolar bilan yuzma-yuz muloqot qilishdi.

— Qariyb yigirma yildan buyon bir oyog‘im majruhligidan aziyat chekaman, – deydi Buxoro shahar “Sadriddin Ayniy” MFY da yashovchi fuqaro Anvar Achilov. — Operatsiyaga 50 million so‘m mablag‘ kerak ekan, o‘zimizda ochilgan “XIMCHAN HOSPITAL” Koreya Respublikasining klinikasida esa bunday operatsiyani 50 foizli chegirma asosida amalga oshirish mumkin deyishyapti. Shu masalada menga amaliy yordam bersangiz.

Fuqarolar asosan viloyat rahbariga yo‘llarni ta’mirlash, toza ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, kommunal sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish, uy-joy bilan ta’minlash, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash va tadbirkorlikni rivojlantirish, tijorat banklaridan kredit olishda ko‘maklashish, ishga joylashish kabi muammolarda murojaat qilishdi. Joyida hal etish imkoni bo‘lgan murojaatlar yuzasidan talablar qanoatlantirildi.

Qabulda Buxoro tumanida yashovchi Umida Sharipova hamda uning qo‘shnilari 39 kishi noroziligini bildirishdi. Ma’lum bo‘lishicha, bir necha oydan buyon amaliy yordam kutayotgan ish yuzasidan viloyat hokimi qabuliga kirishibdi. Hududdagi zaxkashni ko‘mib, uning ustida qurilishni boshlagan tadbirkorning hatti-harakati sababli qirqqa yaqin oilaning haq-huquqi buzilgan. Ularning turar joylariga zax chiqqan.

Qabulga Jondor tumani “Po‘loti” MFY dan kelgan Muhayyo Bozorova ham qizi Umidani ishga joylashtirishda amaliy yordam so‘radi.

-Qizim o‘rta maxsus ma’lumotli, -deydi Muhayyo Bozorova. Hududimizdagi “Fazogir” maktabgacha ta’lim tashkilotida amaliyotni o‘tadi. Biroq shunga qaramasdan, ikki yil o‘tibdi hamki, u bilan mehnat shartnomasi tuzilmagan.

Po‘lotilik Muhayyo Bozorovaning murojaati joyida qanoatlantirildi. Uning qizi endi maktabgacha ta’lim tashkilotida ishlashni boshlaydi.

Viloyat rahbari tomonidan atroflicha o‘rganishni taqozo etadigan dolzarb masalalarni hal etish yuzasidan yechimini topish vakolatiga ega bo‘lgan korxona, tashkilot, muassasalarga muddat belgilanib, tegishli organlar tomonidan nazoratga olingan holda topshiriqlar berildi.

Viloyat hokimi Botir Zaripov tomonidan nisbatan ko‘p murojaat qayd qilinayotgan hududlar, ayniqsa, G‘ijduvon, Jondor, Shofirkon, Buxoro tumanlari, qolaversa, Buxoro shahridagi muammolarni davlat siyosati talabi darajasida, avvalo mahallabay, undan keyin sektorlar miqyosida, xuddi shunday, tuman hokimlari ishtirokida joyiga borib o‘rganish va hal qilish zarurligini uqtirildi. Fuqarolar murojaatlariga loqayd va e’tiborsiz, panja orasidan qarayotgan har bir rahbar faoliyatiga nisbatan qonuniy munosabat bildirilishi ta’kidlandi.

Zarif Komilov, Tohir Istatov (surat), O‘zA.