Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Botir Zaripov: “Davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanish kerak”
09:38 / 2023-05-25

Buxoro viloyatidagi 534 ta umumta’lim maktablarida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” jarangladi.

G‘ijduvon tumanidagi 49-umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan ana shunday tadbirda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov, viloyat va tuman hokimligi hamda xalq ta’limi boshqarmasi mas’ullari, maktab jamoasi va ota-onalar ishtirok etdi. 

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi. Viloyat hokimi Prezidentimizning mamlakatimiz maktablari bitiruvchilariga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.
Davlatimiz rahbarining tabrigini nafaqat mustaqil hayot ostonasida turgan yoshlar, balki ularning ota-onalari va ustozlar ham katta qiziqish hamda zo‘r hayajon bilan tingladi.

Botir Zaripov bitiruvchilarni davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlarni qadrlab, ulardan yanada samarali foydalanishga chaqirdi. Ularga oq yo‘l tiladi. Tadbirda bitiruvchilar ham so‘z olib, ta’lim-tarbiya bergan ustozlari, ota-onalari ishonchini oqlashga va’da berdi.
Tadbir doirasida yil davomida namunali xulq va a’lo baholarga o‘qib, eng yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan iqtidorli bitiruvchilar rag‘batlantirildi.

Maktab o‘quvchilari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarni raqsga chorladi. Maktab uzra jarang sochgan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” dillarga zavq ulashdi. Tadbirda o‘quvchilar “Xayr, maktabim” qo‘shig‘ini jo‘rlikda ijro etdi.
Ma’lumot uchun, bu yil viloyatdagi umumta’lim maktablarini 21 ming 944 nafar o‘quvchi bitirmoqda. Bitiruvchilarning 676 nafari o‘qishni oltin, 147 nafari kumush medal bilan yakunlamoqda. 

“So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari viloyatning barcha maktablarida bo‘lib o‘tdi. Tadbirlarda barcha shahar, tuman hokimlari, sektorlar, yirik korxona va tashkilotlar rahbarlari, oliy ta’lim muassasalari rektorlari, ziyolilar, yozuvchi va shoirlar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbirlarda o‘quv yili davomida o‘qish va ish faoliyatida o‘rnak ko‘rsatgan ijodkor pedagog-xodimlar, a’lochi o‘quvchilar, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Zarif Komilov,

Tohirjon Istatov (surat), O‘zA