Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Botir Zaripov o‘zining murojaatida 2021 yilda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha muhim vazifalar va rejalar haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
Ta’kidlanishicha, iqtisodiyotning barqaror o‘sishini ta’minlash maqsadida yalpi hududiy mahsulot hajmini 31,2 trillion so‘m yoki o‘sish sur’atini 103,1 foizga yetkazish rejalashtirgan.
Kelgusi yil byudjet loyihasida viloyat mahalliy byudjeti daromadlari va xarajatlari 2 trillion 375 milliard so‘mni tashkil etishi ko‘zda tutilgan.
Ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash xarajatlari 72 foizga yetkaziladi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga tayinlanadigan nafaqa to‘lovlari uchun ajratiladigan mablag‘lar 2 barobarga oshiriladi.
Issiqlik energiyasini ishlab chiqaruvchilarga 980 ta uy-joydagi 47 ming nafar aholiga berilgan issiqlik ta’minoti xizmati uchun pasaytirilgan tariflarni qo‘llash natijasida issiqlik ta’minoti korxonalarining yuzaga kelgan zararlari o‘rnini qoplash uchun qariyb 35 milliard so‘m miqdorida subsidiyalar ajratiladi.
Viloyatdagi 88 ta mahalladagi 265 ta ko‘chada 106 kilometr ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun 21,6 milliard so‘m mablag‘ sarflanadi.
Investitsiya dasturiga muvofiq 2021 yilda jami 606,2 milliard so‘m mablag‘lar hisobidan 86 ta investitsiya ob’ektlarini yangidan qurish, rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi. Aholining o‘sish sur’atlarini hamda uy-joyga bo‘lgan talabni inobatga olgan holda keyingi 5 yil davomida 390 ta ko‘p qavatli uylar 13 ming 350 ta kvartiralar qurilishi rejalashtirilmoqda.
Telekommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish yo‘nalishida 56 ming 700 dona keng polosali kirish portlarini o‘rnatish, 107 ta mobil aloqa tizimlarini modernizatsiya qilish, uzunligi 305,4 kilometr bo‘lgan optik-tolali aloqa liniyalari quriladi. Viloyatning barcha shahar va tumanlarida raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarini ishga tushirish orqali yiliga 5 ming nafar davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari xodimlarini axborot texnologiyalari sohasida o‘qitish imkoni yaratiladi.
“Bir million dasturchi” loyihasi ishtirokchilari soni 8 mingga yetkaziladi. 2021 yilda viloyatda 25 ming nafar fuqaro doimiy ishga joylashtiriladi. 2,6 ming nafar fuqaro turli kasblarga o‘qitiladi. 2,3 milliard so‘m stependiya to‘lab beriladi. 3,8 ming nafar ishsiz fuqaroga ishsizlik nafaqasi tayinlanadi. 3,7 milliard so‘m ishsizlik nafaqasi to‘lanadi. 14,8 ming nafar ishsiz fuqaro haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilinadi. 11,1 mlrd. so‘m ish xaqi to‘lovlari to‘lanadi. 3,8 ming nafar ishsiz aholiga 8,3 mlrd so‘mlik subsidiya mablag‘lari moliyalashtiriladi. 25 mingdan ortiq norasmiy ish o‘rinlari rasmiylashtirilishi ko‘zda tutilgan.
Xorijiy davlatlardagi yirik ish beruvchilar bilan muzokara o‘tkazib, ishchi va mutaxassislar yuborishni ko‘paytiramiz. Jumladan, 6,7 ming nafar fuqarolarni tashkillashtirilgan holda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirishi uchun xorijga yuboriladi. Shundan, Rossiyaga 5 ming kishi, Qozog‘istonga 1,1 ming kishini va boshqa davlatlarga 600 kishi yuboriladi.

- Bugun sizlarga taqdim etilgan murojaatnomada ko‘tarilgan masalalar, qo‘yilgan vazifalar, hech shubhasiz, viloyatimiz salohiyatini yangi va yanada yuksak bosqichga ko‘tarishga, xalqimiz turmush darajasi va farovonligini oshirishga xizmat qiladi, --dedi viloyat rahbari. -Sizlardan faoliyatimizga tanqidiy baho berib, oldimizda turgan dolzarb vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy fikr va takliflaringizni bildirishlaringizni so‘rayman. Sizlarning takliflaringiz albatta viloyat hokimligi va tarmoqlar faoliyatining samaradorligini oshirishda juda muhim ahamiyat kasb etadi.
Murojaatnomada belgilab berilgan ustuvor maqsad va vazifalarni amalga oshirishda, avvalo, xalqimizga hamda uning munosib vakillari bo‘lgan Siz deputatlarga ishonaman va tayanaman.
Zarif Komilov, O‘zA