Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Botir Zaripov “A’lo xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi
18:30 / 2023-04-14

Buxoro shahrida yong‘in-qutqaruv sporti bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi birinchiligi musobaqalarining tantanali ochilish marosimi va belgilangan turlar bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri, general-mayor Abdulla Qo‘ldoshev, Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov, viloyat sektorlari va huquq-tartibot idoralari rahbarlari, Qoraqolpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, shuningdek, vazirlik tarkibiga kiruvchi tuzilmalardan tashkil topgan jamoalar qatnashdi.  

Tantanali tadbirda so‘z olganlar mamlakatimizning iqtisodiy boyliklari va xalqimiz mol-mulkini favqulodda vaziyatlar hamda yong‘in balosidan asrab keluvchi xaloskorlar o‘rtasida o‘tkazib kelinayotgan yong‘in-qutqaruv sporti musobaqalari yildan yilga o‘zgacha nufuzga ega bo‘layotganini ta’kidladi.  

Tantanada viloyat hokimi Botir Zaripovga mazkur musobaqani yuqori saviyada tashkil etishdagi jonbozligi va yaqin hamkorligi uchun Favqulodda vaziyatlar vazirligining “A’lo xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni topshirildi.  

Shundan so‘ng musobaqalarga start berildi. Xususan, jamoalar ishg‘ol qilish narvoni bilan o‘quv minorasining 4-qavatiga ko‘tarilish, 4x100 metrga yugurish estafetasi bo‘yicha bellashuvlarda qatnashdi.  

Jamoaviy tarzda o‘tkazilgan ishg‘ol qilish narvoni bilan o‘quv minorasining 4-qavatiga ko‘tarilish yo‘nalishida yakuniy natijalarga ko‘ra Qashqadaryo viloyati jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Buxoro viloyati  vakillari ikkinchi, Toshkent viloyati jamoasi faxrli uchinchi o‘rinni band qildi.  4x100 metrga yugurish estafetasi bahslarida Buxoro viloyati jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Faxrli ikkinchi va uchinchi o‘rinlar Toshkent va Navoiy viloyati yong‘in-qutqaruvchilariga nasib etdi.  

Tashkilotchilar tomonidan g‘olib va sovrindorlarga medal, diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.  

Musobaqalar 15 aprelgacha davom etadi.  

Zarif Komilov, O‘zA