Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Botanika bog‘idagi ilmiy tadqiqotlar (+video)
10:01 / 2026-03-06

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Botanika instituti qoshidagi Botanika bog‘ining biotexnologiya laboratoriyasida «in vitro» usulida noyob o‘simliklar ko‘paytiriladi. Ayniqsa, 60 gektarlik bog‘ kolleksiyasining qimmatbaho namunalarini saqlab qolib va ko‘paytirishda laboratoriyaning alohida o‘rni bor. Shu bilan birga O‘zbekiston florasining noyob va yo‘qolib borayotgan, qurg‘oqchilikka chidamli o‘simlik turlarini mikroklonal ko‘paytirish bo‘yicha olimlarimiz tomonidan tadqiqotlar olib borilmoqda.

- Asosiy maqsadimiz Botanika bog‘idagi turli mintaqalardan olib kelingan o‘simliklarning noyob turlarini saqlab qolish va boyitish «in vitro» usulida, - deydi institut biotexno logiyalaboratoriyasining mudiri, biologiya fanlari nomzodi Feruza Mustafina. – Bundan tashqari biz dorivor o‘simliklar bilan ham ishlaymiz. Ulardagi biologik aktiv moddalarni o‘rganyapmiz. Yagona qolgan o‘simlikni biz «in vitro» yordamida ko‘paytirdik.    

Loyiha qiymati 4.5 mlrd so‘m bo‘lgan ushbu laboratoriya Botanika bog‘i mablag‘lari hamda uning texnik bazasi O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan. Unda “Qizil kitob”ga kiritilgan o‘simlik turlarini mikroklonal ko‘paytirish ishlari amalga oshiriladi.  

Masalan, “Viktor omonqorasi” o‘simligi tabiatda kam uchraydigan noyob tur bo‘lib, tibbiyotda ishlatiladigan “galantamin” dori vositasining manbaidir. Ushbu modda alsgeymer kasalligini to‘xtatib turishda foydalanilar ekan. Aytish kerakki, JSST ma’lumotiga ko‘ra hozirda yer yuzida 20 mln nafar odam shu kasallikdan aziyat chekmoqda.  

Ta’kidlash joizki, yaqinda laboratoriyaga yuqori samarali suyuq xromatografmass–spektrometri uskunasi taqdim etildi. Ushbu uskuna dorivor o‘simliklardagi biologik faol moddalarning tarkibi, shuningdek, to‘qimalarida fundamental va amaliy tadqiqotlar o‘tkazish imkonini beradi.  

Yana bir misol, 60 xil turni o‘z ichiga olgan piyoz bog‘i faqatgina Xitoy va O‘zbekistonda mavjud bo‘lib, kolleksiyasi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi.

2025-yilda institut olimlari tomonidan olib borilgan tadqiqotlar natijasida 4 ta yangi ixtiroga patent olindi va Toshkent Botanika bog‘iga introduksiya qilingan 12 ta yuqori manzarali istiqbolli hisoblangan o‘simlik turlari obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga tavsiya etildi. Tez orada ular poytaxt ko‘rkiga ko‘rk bag‘ishlab, yurtdoshlarimiz va kelayotgan mehmonlarga zavq ulashadi.  

Sanjar Toshpo‘latov, Oybek Davronov, 
Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA