Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Botanika” bog‘ida “Butunjahon tozalik kuni” munosabati bilan aksiya o‘tkazildi
15:02 / 2025-09-22

Butun dunyoda sentyabr oyining uchinchi shanbasi “Butunjahon tozalik kuni” sifatida keng nishonlab kelinadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Butunjahon tozalik kuni dastlab 2008 yil Estoniyada vujudga kelgan bo‘lib, 50 ming ko‘ngilli mamlakatni chiqindilardan tozalash uchun birlashgan.

Bugungi kunga kelib 180 dan ortiq mamlakatda mazkur sana munosabati bilan ko‘ngillilar tomonidan tozalikni ta’minlashga qaratilgan ishlar amalga oshiriladi.  

Xususan, O‘zbekistonda ham 2019 yildan buyon ushbu sanaga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda. Mazkur sana munosabati bilan O‘zbekiston Ekologik partiyasi tashkilotlari tomonidan turli aksiyalar tashkil etildi. Partiyaning Yunusobod tuman kengashi tashabbusi bilan poytaxtimizdagi “Botanika” bog‘ida “Tabiat uchun birlashaylik” shiori ostida o‘tkazilgan xayriya aksiyasi ham ekofaollarni bir maqsad yo‘lida birlashtirdi.  

Tadbirda mahalliy Kengash deputatlari, O‘zbekiston Ekologik partiyasi, O‘zbekiston Ekologik harakati, “Maxsustrans” davlat unitar korxonasi, Yunusobod tuman obodonlashtirish boshqarmasi, partiyaning “Yoshlar qanoti” faollari, ekologiyaga befarq bo‘lmagan ko‘ngilli yoshlar faol ishtirok etdi.

Tadbir davomida Butunjahon tozalik kunining ahamiyati, atrof-muhit muhofazasiga oid olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar haqida atroflicha ma’lumot berildi. Atrof-muhit ozodaligiga befarq bo‘lmagan 60 dan ortiq ko‘ngilli yoshlar, jamoatchilik tashkilotlari vakillari bog‘ hududida to‘planib qolgan 300 kilogrammga yaqin turli qattiq va maishiy chiqindilarni tozaladilar.

Ta’kidlash lozimki, bu kabi amaliy tadbir va aksiyalar fuqarolarning ekologik ongi va madaniyatini yuksaltirish, ularda atrof-muhitga nisbatan ijobiy munosabatni shakllantirish, o‘zi yashab turgan hududda, yon-atrofda tozalikni o‘rnatish borasida tashabbus ko‘rsatishlariga xizmat qiladi. Tozalikni ta’minlash, ekologik musaffolikni qaror toptirishga hissa qo‘shish har bir insonning burchi va vazifasidir.  

Aksiya so‘ngida poytaxtimiz ozodaligi uchun beminnat xizmat qilayotgan Obodonlashtirish boshqarmasining eng fidoyi texnik (supuruvchi) xodimlariga sovg‘alar taqdim etildi.

M.Komilova, O‘zA