Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bo‘stonliqda turizm va qishloq xo‘jaligini uyg‘un rivojlantirish yo‘lida katta imkoniyatlar bor
14:23 / 2025-11-07

Prezident tashrifidan so‘ng...

Bo‘stonliq tumani deganda ko‘z oldimizda archaga burkangan baland tog‘lar, sharqiroq soylar va sayyohlar bilan gavjum dam olish maskanlari gavdalanadi.  

Bu hudud tabiatning go‘zalligi, toza havosi va zamonaviy turizm majmualari bilan hamisha diqqat markazida bo‘lib kelgan. Endi esa bu yerda qishloq xo‘jaligi bilan turizm uyg‘un rivojlanmoqda. Ya’ni tabiat go‘zalligi iqtisodiy salohiyatga aylanyapti.

Shu kunlarda Chimyon tomonlarda qor uchqunladi. Bu tumanda sayyohlik mavsumining yangi pallaga kirganidan darak. Prezident Shavkat Mirziyoyevning sentyabr oyidagi Bo‘stonliqqa tashrifi chog‘ida bu hududda yaratilgan agrosanoat bog‘i bilan tanishgani ham bejiz emas. Bu tashrifdan so‘ng tumanning rivojlanish yo‘nalishi, ayniqsa, agroturizm salohiyatiga bo‘lgan e’tibor yanada ortdi.

“Prezident tashrifidan so‘ng” rukni doirasida Bo‘stonliqning ana shu sayyohlik salohiyata haqida ko‘plab material va fotoreportajlar e’lon qildik. Bugun Chimyonning agroturizm imkoniyatlari haqida yozamiz.  

So‘nggi yillarda tumanda turizm va agrar sohani uyg‘un rivojlantirishga qaratilgan yirik tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Uch ming gektar maydonda malina, qulupnay, qorag‘at, o‘rmon yong‘og‘i kabi yuqori daromadli mevalar yetishtirish bo‘yicha dastur shularning yorqin namunasi.

Loyihaning umumiy qiymati 60 million dollardan ortiq. Bu mablag‘ hisobidan zamonaviy bog‘lar barpo etiladi, qayta ishlash korxonalari va katta sig‘imli omborxonalar quriladi. Natijada nafaqat mahsulot yetishtiriladi, balki uni qayta ishlab, qo‘shimcha qiymatli tayyor mahsulotlar eksport qilinadi.

Joriy mavsumning o‘zida 50 gektar maydonda xorijiy eksportbop navlardan malina va qulupnay ekildi. Barcha maydonlar tomchilatib sug‘orish tizimiga ulandi. Har gektar malinaning daromadi taxminan 400 million so‘m, qulupnayniki esa 500 million so‘mga yetadi. Bu katta iqtisodiy salohiyatdir.

– Bu tog‘ yonbag‘irlariga yetti kilometrdan suv quvurlarini tortib keldik, – deydi tadbirkor Abdulla Hamidullayev. – Qaysi meva qay sharoitda yaxshi hosil berishi mumkinligini o‘rgandik. Tajriba o‘tkazdik. Uch yillik mehnatimiz samarasida iqlimga mos va yuqori sifatli ko‘chatlar yaratdik. Endi dastlabki natijalar quvonarli. Prezidentimiz tashrif chog‘ida bu faoliyatimizni yuqori baholadi. Loyihamiz to‘liq amalga oshirilgandan keyin yiliga 24 ming tonnaga yaqin mevalar yetishtiriladi, shundan salmoqli qismi eksportga yo‘naltiriladi. Eng muhimi, bog‘larda 12 mingdan ziyod kishi doimiy ish bilan ta’minlanadi.  

Bu natija nafaqat mahalliy aholining turmush darajasini oshiradi, balki hudud iqtisodiyotida yangi xizmat sohalari, xususan, agroturizm, transport va savdo tarmoqlarining kengayishiga zamin yaratadi.

Agroturizm bu faqat dam olish emas, balki tajriba va iqtisod degani. Sayyohlar bevosita bog‘dagi ish jarayonida ishtirok etib, mevalarni o‘z qo‘llari bilan terib oladi. Mahalliy mahsulotdan tayyorlangan organik shirinliklardan bahra oladi. Bu esa nafaqat mehmonlar uchun yangi tajriba, balki mahalliy aholi uchun qo‘shimcha daromad manbaidir.

Shunday qilib, Bo‘stonliqdagi agroturizm loyihasi mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi va sayyohlikni uyg‘un rivojlantirishning namunaviy modeliga aylanmoqda.

Tabiati bilan hayratlantirgan Bo‘stonliq endi iqtisodiy imkoniyatlari bilan ham e’tibor qozonmoqda.

Ikrom AVVALBOEV,

Rustam NAZARMATOV(surat), O‘zA