Qaror va ijro
Bo‘stonlik tumanida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari Bahriddin Valiyev, Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Ramazon Ashrapov boshchiligida tizimning hududiy rahbarlari va xodimlari ishtirokida seminar o‘tkazildi.

Prezidentimizning 2025 yil 3 yanvardagi “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori va Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy Kengashining yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosiga alohida e’tibor qaratildi.

Seminarda jinoyatlarni fosh etish va tergov qilish bo‘yicha ilg‘or usullar, xususan, kiberjinoyatlarga qarshi kurashda zamonaviy texnologiyalar, raqamli kriminalistika imkoniyatlaridan foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Raqamli tergovga ko‘maklashish markazi rahbari B.Qudratov elektron ma’lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish va sud jarayonlarida qo‘llash usullari haqida batafsil ma’lumot berdi. Ma’ruzalarda kiberjinoyatlarni aniqlash, elektron dalillar bilan ishlash va ularni to‘g‘ri saqlash bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

Shu bilan birga, energetika tizimidagi noqonuniy ulanishlar, sug‘oriladigan yer maydonlarini noqonuniy egallash va sotish, transport vositalari bilan bog‘liq hodisalar, giyohvandlik vositalari bo‘yicha jinoyatlarni aniqlash bo‘yicha tajribalar almashildi. Mutaxassislar dasturiy ta’minot va texnik vositalarning imkoniyatlarini amaliy mashg‘ulotlarda namoyish etdi.

Tadbirda muhokama qilingan mavzular jinoyatlarni fosh etish va tergov qilishda ham an’anaviy usullar, ham zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish zarurligi yana bir bor ta’kidlandi. Ishtirokchilarga kelgusida yuzaga keladigan kiberjinoyatlarni samarali tergov qilish uchun doimiy o‘quv mashg‘ulotlari va tajriba almashinuvlarini davom ettirish tavsiya etildi.
Yakunda esa faoliyati davomida o‘z xizmat vazifalarini vijdonan bajargan, tergov sifatini oshirish, jinoyat ishlari bo‘yicha yetkazilgan moddiy zararlarni undirishda alohida tashabbus ko‘rsatgan bir guruh tergov xodimlari faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
A.Musayev, O‘zA.