Toshkent viloyatida baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirish maqsadida sohaga zamonaviy intensiv kichik havzalar, yopiq suv aylanma tizimi va qafas moslamalarida baliq yetishtirish texnologiyalarini joriy etish orqali intensivlashtirish ishlari olib borilmoqda.
Mazkur ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida Bo‘stonliq tumaniga OAV vakillari va blogerlar uchun press-tur tashkil etildi. Shuningdek, aholi bandligini ta’minlash, ya’ni, xonadonlarda baliq yetishtirish jarayonlari va mazkur sohada ekoturizmni rivojlantirishga qaratilgan bir qator loyihalar bilan tanishildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozir Toshkent viloyatida 7,5 ming gektar sun’iy suv havzalarida 560 hamda 3,6 ming gektar tabiiy suv havzalarida 10 baliqchilik xo‘jaliklari faoliyat yuritmoqda.
[gallery-12221]
– Baliq lichinkasini ishlab chiqaruvchi 13 inkubatsiya sexi hamda 917 gektar reproduktiv havzalar mavjud, – deydi "Toshkentbaliqsanoat" MCHJ rahbari Azamatbek Rahmonov. – Baliq lichinkasini ishlab chiqarishdan tortib, yem ishlab chiqarish, qayta ishlashgacha bo‘lgan jarayonlarni jamlagan 6 klasterlar faoliyat yuritmoqda. Hududda sohani rivojlantirishning hozirgi kundagi asosiy negizi bo‘lgan intensiv usulda baliq yetishtirish texnologiyalari joriy etish yanada rivojlantirilib, mavjud sun’iy suv havzalari qayta rekonstruksiya qilish hisobiga baliq yetishtirish hosildorligi 3-4 barobarga oshmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, hozir Quyi Chirchiq tumanida 145 gektar, Yangiyo‘l tumanida 64 gektar, O‘rta Chirchiq, Chinoz tumanlarida 60 gektardan, Bekobod tumanida 45 gektar, Zangiota tumanida 28 gektar, Yuqori Chirchiq tumanida 25 gektardan sun’iy ekstensiv havza maydonlarida intensivlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. O‘tgan davr mobaynida umumiy qiymati 175,4 milliard so‘m bo‘lgan 16 yangi baliqchilik loyihalari amalga oshirilib, 248 ish o‘rinlari yaratilgan.
Press-tur davomida jurnalistlarga Bo‘stonliq tumani hududida joylashgan "Sharq balig‘i" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishtirildi. Bu yerdagi baliqchilik xo‘jaligida yopiq suv aylanma tizimi uskunasi tashkil qilingan bo‘lib, sovuq suv baliqlari sirasiga kiruvchi forel baliqlari boqilyapti.
Mazkur loyiha qiymati 3,5 million dollardan iborat. Hozirda birinchi bosqich amalga oshirilgan va yetishtirilayotgan mahsulotlar ichki bozorga yetkazilyapti. Xo‘jalikda 8 doimiy ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, 40 basseynda baliq yetishtirish ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Kelgusida bu sa’y-harakatlar kengaytiriladi.
Navbatdagi manzil “G‘azalkent” suv omborida “Toshkentbaliqsanoat” MCHJ tomonidan qafas (sadok) qurilmalarida forel balig‘i yetishtir jarayonlari ko‘zdan kechirildi. Umumiy sadoklar soni 20 dan oshadi, har bir sadokda 2-2,5 tonna baliq yetishtirish imkoniyati mavjud. Bu usulning afzalligi shundaki, suvini yangilash shart emas va har qanday sharoitda oilaviy tarzda ham tashkil qilishi mumkin. Bu loyiha bo‘yicha 2023-2025 yillarda qiymati 11 milliard so‘m bo‘lgan yirik loyiha amalga oshirilib, yiliga 200 tonna baliq yetishtirishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
Kelgusida tashkilotchilar tomonidan hududdagi aholi xonadonlarida intensiv usulda baliq yetishtirish ishlarini yanada kengaytirish, aholi bandligi va daromadini oshirish maqsadida, viloyat bo‘yicha jami 900 xonadonlarda intensiv usulda baliq yetishtirish ishlari tashkil etiladi.
Press-tur davomida jurnalistlar soha mutaxassislari bilan suhbatlashib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
A.Musayev,
D.Ernazarov, O‘zA. (surat)