Avval xabar berganimizdek, bugun – 18 sentyabr kuni ertalab Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida “SKY CAMP BO‘STONLIQ” sport va musiqa festivali boshlandi.
Mamlakatimizda ilk bor o‘tkaziyotgan festivalning tantanali ochilish marosimida musobaqa tashkiliy qo‘mitasi a’zolari bahslarning o‘tkazilish tartibi xususida sportchilarga tushuntirish berdi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, turizm va sport vaziri A.Abduhakimov festival ishtirokchilariga omad tiladi.
Shundan so‘ng "Sky Camp Bike” – 11 kilometr masofali velopoygada ishtirok etadigan ishtirokchilar ro‘yxatdan o‘tkazilgan holda marra chizig‘ida saflandi.
- Bunday ommaviy sport musobaqasi mamlakatimizda ilk marta o‘tkazilmoqda. Festival dasturiga binoan sportchilar to‘rtta yo‘nalish bo‘yicha musobaqalashadi. Bugun velopoyga (Sky Camp Bike), “Chorvoq” suv ombori hududida 1 kilometr masofaga suzish (Sky Camp Swim), uchta sport yo‘nalishini birlashtirgan bahslar (Sky Camp Zen) o‘tkazilsa, ertaga 4 kilometr masofada tog‘ cho‘qqisiga chiqish (Sky Camp Run) musobaqasi o‘tkaziladi. Festivalning to‘rtta yo‘nalishida 800 nafardan ziyod havaskor va professional sportchilar ishtirok etmoqda. Hozirgina yakunlangan velopoyga bahslarida 100 nafarga yaqin ishtirokchi ro‘yxatdan o‘tdi, - deydi festival tashkilotchilaridan biri, musobaqa bosh hakami Mixond Sagitov.
“Amirsoy” hamda “Chorvoq” oromgohi dam olish maskanlari kesishmasida o‘tkazilgan 11 kilometrlik bahslarda 14 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan sportchilar ishtirok etdi. E’tiborlisi, unda yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy tashkilotlarning vakillari ham bor.
11 kilometrlik masofani birinchilardan bo‘lib bosib o‘tgan toshkentlik Qobiljon Muhamedov “Sky Camp Bike” yo‘nalishida g‘oliblikka erishdi.
- Sport bilan yoshligimdan shug‘ullanaman. O‘zim asli triatlon sport turida mahoratimni oshirib kelaman. Bilasiz, triatlon musobaqalarining asosida velosport turadi. G‘olib chiqishimda murabbiyim Viktor Zimsovning alohida xizmatlari bor. Boisi, startni qanday olish, qaysi chiziqda harakatni tezlashtirish borasida murabbiyimning o‘gitlari qo‘l keldi. Hozirda O‘zbekiston jismoniy tarbiya va sport universitetida o‘qiyapman. Istagim, xalqaro maydondagi musobaqalarda O‘zbekiston sharafini ulug‘lash, - deydi Qobiljon Muhamedov.
- Qozog‘istondan keldik. Ushbu sport festivalini o‘tkazishda bir qator hakamlarimiz, mutaxassislarimiz ishtirok etmoqda. Bundan tashqari, sportchilarimiz ham bahslarda qatnashmoqda. Bo‘stonliq tumani triatlon, velosport, umuman, tog‘ sporti bilan bog‘liq boshqa tadbirlarni o‘tkazishga juda qulay. Bu maskan turistik potensiali yuqoriligi bilan ham ajralib turadi, - deydi qozog‘istonlik tog‘ sporti bo‘yicha mutaxassis Temur Artyuxin.
Ommaviy sport va san’at tadbiri orqali madaniyat va san’at muassasalari xodimlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, madaniy turizmni rivojlantirish, yoshlarni faol sportga keng jalb etish maqsadida o‘tkazilayotgan ilk festival qamrovi yanada kengayishi shubhasiz. Muhimi, ilk qadam tashlandi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA