Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bo‘stonliqda “Amirsoy Polo Cup-2022” musobaqasi o‘tkazildi
16:49 / 2022-01-10

Turizm va sport vazirligi tomonidan Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani tog‘ tizmalari bo‘ylab press-tur tashkil etildi. Mazkur press-tur davomida O‘zbekiston polo federatsiyasi tomonidan “Amirsoy Polo Cup-2022” nomli ot polo sporti musobaqasi hamda yangi baland tog‘ muz yo‘lagining rasmiy ochilishi bo‘lib o‘tdi.

Ayni paytda Bo‘stonliq tumanida xalqaro standartlarga javob   beradigan tog‘-chang‘i kurortini tashkil etish loyihasining ikkinchi   bosqichi  faol  olib  borilmoqda. “G‘arbiy Amirsoy” loyihasi doirasida 206 ta xonadan iborat to‘rt yulduzli va besh yulduzli mehmonxonalar, 16,8 km   uzunlikdagi tog‘-chang‘i trassasi, 2 ming 400 o‘ringa mo‘ljallangan to‘rtta   restoran, ofis va savdo zonalari bilan birga 500ta avtomobilga  mo‘ljallangan ko‘p qavatli avtoturargoh, chang‘i va boshqa jihozlarni  ijaraga  berish  qo‘shimcha  punktlari, suzish havzalari va faol mavsumiy  dam olish uchun maxsus joylar qurilishi rejalashtirilgan. Qayd etish    lozimki, dam olish maskani hududida barcha sanitariya-epidemiologiya  talablariga rioya qilingan va xavfsizlik choralari ko‘rilgan.

Ta’kidlanishicha, “Amirsoy” muz yo‘lagi O‘zbekistonda birinchi  baland tog‘da joylashgan umumiy maydoni 70x41 m2 muz yo‘lagi  hisoblanadi. Muz yo‘lagida uchish xizmatlari yarim soatlik va bir soatlik dasturlar orqali taqdim etiladi. Dam olish maskaniga tashrif buyuruvchilar zarur hollarda individual va guruh darslaridan foydalanishlari mumkin. Barcha  mashg‘ulotlar professional instruktorlar nazorati ostida interaktiv  tarzda o‘tkaziladi.

Press - tur davomida qishki turizmni rivojlantirish, respublika aholisi o‘rtasida faol va sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish maqsadida 2 ming 800 metr kvadrat bo‘lgan baland tog‘ muz yo‘lagining rasmiy ochilishi o‘tkazildi.

Shuningdek, tog‘li hududning 2 ming 200 metr balandligida O‘zbekiston polo federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan “Amirsoy Polo Cup-2022” ot polo sporti musobaqasida 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan Milliy gvardiya va “NRG” jamoalari bahslashdi. O‘zaro bahslar 4 daqiqadan 4 bo‘lim davom etdi. G‘olib bo‘lgan jamoa o‘yinchilari sovg‘a va pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

Polo – sport turlaridan biri bo‘lib, ushbu murakkab jamoaviy o‘yin turi sportchilardan tana va otni mohirlik bilan, mukammal darajada boshqarish hamda yuqori konsentratsiyani talab qiladi. Poloning kelib chiqishi ulug‘ ajdodlarimizga borib taqalsada, uning sport turi sifatida shakllanish tarixi Buyuk Britaniya bilan bog‘lanadi. Ingliz mustamlakachilari Hindistonni zabt etishgach, ushbu o‘yinni Britaniyaga olib ketishadi. Yevropada zamonaviy ot poygasi muxlislari jamoaviy o‘yinning yangi qoidalarini o‘ylab topishadi va uni mukammal sport turi sifatida dunyoga olib chiqadi.

O‘zbekiston hududlarida polo sport turiga poydevor vazifasini o‘tab bergan chavgon o‘yini bilan qadimdan shug‘ullanib kelgan. Zero ota-bobolarimiz orasida ot poygasi, uloq-ko‘pkari kabi etnosport turlari keng ommalashgan bo‘lsada, biroq mamlakatimizda zamonaviy sport turi sifatida ot polosi yaqindan rivojlana boshlagan.

Xususan, davlatimiz rahbarining  2021 yil 11 martdagi “Yilqichilik va ot sportini yanada rivojlantirish, shuningdek, zamonaviy beshkurash va poloni ommalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi” qarori va 5 avgustdagi qaror qo‘shimchasi bilan 2025 yilgacha O‘zbekistonda yilqichilik, ot sporti, zamonaviy beshkurash va poloni rivojlantirish davlat dasturi belgilab qo‘yilgan.

 

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA