Toshkent viloyatining tuman va shaharlarida 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan referendum munosabati bilan Adliya vazirligi tashabbusi bilan “Adliya sayli” shiori ostida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda. Sayllar katta shodiyonaga aylanib, ishtirokchilar mamlakatning buguni va ertasiga befarq emasligini ko‘rsatmoqda. Tadbirlarda adliya bo‘limlari, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, Oliy Majlis va Mahalliy kengash deputatlari, ta’lim muassasalari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mehnat faxriylari, yoshlar ishtirok etmoqda.
Sayllarda tuman-shahar adliya bo‘limlari, yuridik xizmatlar ko‘rsatish markazlari xodimlari, notariuslar, advokatlar, FHDYO bo‘limi, davlat xizmatlari markazi va bank xodimlari ishtirok etib, aholiga huquqiy maslahat va sayyor tartibda davlat xizmatlarini ko‘rsatmoqda.
Jumladan, Bo‘stonliq tumanida bo‘lib o‘tgan tadbirda, salkam bir yarim ming nafarga yaqin aholi qatnashdi. Tadbir ishtirokchilari qo‘llarida “Seniki”, “Meniki, “Bizniki”, “Konstitutsiya — o‘zimizniki” degan yozuvlar tushirilgan rang-barang plakatlar va Davlatimiz bayrog‘ini ko‘tarib chiqqan. So‘zga chiqqanlar Konstitutsiyaga kiritilishi rejalashtirilgan o‘zgartirishlar, Bosh qomusimizning qator moddalarida yoshlar huquq-manfaatlari, ularning ta’lim va kasb-hunarga ega bo‘lishiga oid normalar aks etayotganligi, referendum o‘tkazish tartibi haqida so‘zlab berdi. Konstitutsiya islohotlarida faol bo‘lishga chaqirdi.
Bo‘stonliq tuman axborot-kutubxona markazi tomonidan tashkil etilgan kitoblar ko‘rgazmasida yangi nashr etilgan asarlar namoyish etildi. Tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazi ishsiz aholi uchun mehnat yarmarkasini o‘tkazdi. Sayil davomida 60 nafardan ortiq fuqarolar o‘z ish joyiga ega bo‘ldi. Shuningdek, tadbirda o‘quvchilarning Konstitutsiyaga oid chizgan rasmlari tanlovi o‘tkazildi. Folklor dastasi a’zolari, san’atkorlar va yosh ijrochilar o‘z kuy-qo‘shiqlari bilan barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha “Adliya sayli” targ‘ibot tadbirlari viloyatning barcha hududlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
A.Musayev, O‘zA.