Bo‘stonliq tumanida O‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Erkin Vohidov ijodini xotirlash va yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib etish maqsadida “E Voh – 2025” adabiy festivali o‘tkazildi.
She’riyatning asl zargari bo‘lgan shoirning butun ijodi va mehnat faoliyati ona tilimizni asrab-avaylash, unga sadoqat va ehtirom namunalarini ko‘rsatish bilan chambarchas bog‘liqdir.

Festival doirasida yosh iqtidor egalari uchun o‘zbek tili va adabiyoti olimpiadasi ham tashkil etildi. Toshkent viloyati hokimligi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirliklari, Nordik universiteti va boshqa tashkilotlar ko‘magida o‘tkazilgan olimpiada o‘zbek tili va adabiyotini chuqur o‘rganish, bu sohadagi ilg‘or pedagogik yondashuvlarni targ‘ib qilish, shuningdek, o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan respublika miqyosidagi loyiha sifatida katta ahamiyat kasb etdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 12 oktyabr kuni o‘tkazilgan birinchi onlayn bosqich respublikamiz bo‘ylab 10 ming 507 nafar talabgor-o‘qituvchilarni o‘zida jamladi. 1 ming 55 nafar ishtirokchi-ustozlar belgilangan muddatda topshiriqlarni muvaffaqiyatli yakunladi. Shuningdek, Xalqaro Nordik universiteti bazasida hal qiluvchi final bosqich o‘tkazilib, 14 ta hududdan eng yuqori natija qayd etgan besh nafardan (ballari teng barcha) jami 79 nafari insho yozish va test sinovlarida qatnashdi.

Shuningdek, festival doirasida pedagoglar uchun til va adabiyotning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan davra suhbatlari, ustozlar uchun metodik taqdimotlar hamda badiiy dasturlar tashkil etildi. Bo‘stonliq tumanida esa olimpiadaning tantanali taqdirlash marosimi va “O‘zbek tili bayrami”ga bag‘ishlangan festival bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlik va idoralar vakillari, xorijiy elchixonalar, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus, Erkin Vohidov ijod maktabi ustoz va o‘quvchilari, taniqli shoir va adiblar, OAV hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.

Anjuman, avvalida “E Voh – 2025” o‘zbek tili va adabiyoti olimpiadasi g‘oliblari mamlakatimiz ta’lim va fan sohasi rahbarlari tomonidan samimiy qutlandi. G‘oliblar va faol ishtirokchilar sertifikat, diplom, pul mukofotlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Bayramona kechada mashhur adiblarning nutqlari, taniqli san’atkorlarning kuy-qo‘shiqlari, rang-barang madaniy chiqishlar namoyish etildi.

Festival doirasida xorijlik tadqiqotchilar bilan davra suhbatlar tashkil etilib, o‘zbek tili filologiyasini rivojlantirish istiqbollari yuzasidan ilmiy muloqot ham o‘tkazildi.
A.Musayev, O‘zA.