Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bo‘stonliq tumaniga qulay va zamonaviy mikroavtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yildi
10:26 / 2020-12-16

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 9 dekabr kuni o‘tkazilgan videoselektr yig‘ilishida mamlakatimizda turizm salohiyatini tiklash hamda rivojlantirish chora-tadbirlari muhokama qilingan edi.

Pandemiya sababli turizm sohasi uchun 2020 yil oxirigacha berilgan imtiyoz va preferensiyalarni 2021 yil oxiriga qadar uzaytirish, aholi uchun transport va mehmonxona xizmatlari bo‘yicha chegirmalar berib, ichki turizmni ommaviy tashkil etish muhimligini ta’kidlandi.  

 Yig‘ilishida turistik maskanlar va infratuzilma ob’ektlarini ko‘paytirish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Xususan, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida bu borada ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda.  

Endilikda “Ipak yo‘li” sayyohlik firmasi logotipi tushirilgan mikroavtobuslar turistik zona bo‘lgan Bo‘stonliq tumani Yusufxona qo‘rg‘onini Qo‘yliq bozori bilan bog‘laydi.  

 - Biz Buxoro viloyatidan sayyohlikni rivojlantirishga hissa qo‘shish niyatida 6 ta eng so‘nggi modeldagi mikroavtobuslarni olib keldik, - deydi “Kogon-Mega-Bars” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari B.Axtamov, - Yaponiya davlatida ishlab chiqarilgan transport vositasi hamkorlik shartnomasi asosida 5 yillik kredit evaziga sotib olindi. Har bitta transport 400 million so‘mdan ziyod mablag‘  evaziga keltirildi.  

Zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlangan, monitor, konditsioner, isitish sistemasi barcha komfort qulayliklarga ega bo‘lgan 14 o‘rindiqli avtobuslar viloyat aholisi va mehmonlar uchun xizmat qilishni boshladi.  

  - Mazkur yo‘nalishda harakatlanishni boshlagan yangi mikroavtobuslar afzalliklariga ega bo‘lgani sababli turizm zonasiga boradiganlar va u yerdan Toshkentga keluvchioar uchun yaxshigina qulay bo‘ldi, -deydi Toshkent viloyati transport boshqarmasi boshlig‘i S.Shoqosimov,- Sal kam 100 kilometr masofani bosib o‘tuvchi transportning yo‘lkira haqqini 13 ming so‘m etib belgiladik. 50 daqiqa oraliq vaqtda bir kunda 28 ta qatnov amalga oshiriladigan bo‘ldi. Yo‘lovchilar oqimiga qarab soat 21.00 gacha harakatda bo‘lishini ta’minlaymiz.  

Ta’kidlash lozimki, turizmni rivojlantirish uchun birinchi navbatda transport qatnovi jahon andozalariga mos va tizimli ravishda tashkil etish muhimdir. Bugun sayyohlik ruhi aks etgan transport vositalari  ko‘chalarda yo‘lovchi va mehmonlar bilan to‘la harakatlanayotgan vaqtda Bo‘stonlikning go‘zal manzaralari yana bir bor namoyon bo‘la oladi. Muhimi, “Amirsoy”, “Beldersoy”, “Chimyon”, “Nanay” va “Xo‘jakent” kabi dam olish maskanlariga borish istagida bo‘lgan yurtdoshlarimizning uzog‘ini yaqin qiladi.