Elektr energiyasidan samarali va qonuniy foydalanish nafaqat korxonalarning iqtisodiy barqarorligini ta’minlaydi, balki aholi hayoti va ijtimoiy infratuzilma uchun ham muhim ahamiyatga ega. Bo‘stonliq tumanida tezkor nazorat tadbirlari orqali aniqlangan noqonuniy foydalanish holatlari elektr ta’minotida shaffoflikni mustahkamlash zarurligini yana bir bor ko‘rsatmoqda.
"O‘zenergoinspeksiya" axborot xizmatining ma’lum qilishicha, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida so‘nggi uch kunda o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida beshta iste’molchi tomonidan elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi.
Ushbu qoidabuzarliklar natijasida, elektr ta’minoti korxonasining dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, 2 milliard 790 million so‘mlik zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi.
Masalan, Bo‘stonliq tumanida "N.Sh.I." MCHJga qarashli binolarning elektr qurilmalari hisoblagichdan tashqari tarmoqqa ulanib, 1,2 milliard so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelinayotgani aniqlandi. Hozirda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA