Andijon viloyati Bo‘ston tumani Tafakkur mahalla fuqarolar yig‘inida «Yoshlar mehnat guzari» qurilib, foydalanishga topshirildi.
Tuman hokimi Sadbarxon Mamitova, sektor rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari hamda yoshlar ishtirok etgan “Yoshlar mehnat guzari” ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Bo‘ston tumanida ham yoshlarning iqtidor va salohiyatlarini to‘laqonli yuzaga chiqarish, ayniqsa, kasb-hunarga o‘qitish, bandligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
Tadbirkor Rustamjon Jamoldinov tomonidan tashkil etilgan «Yoshlar mehnat guzari»da savdo markazi, go‘zallik saloni, sartaroshxona, kompyuter xizmatlari markazi hamda chevarxona faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, guzarda sun’iy qoplamali mini futbol maydonchasi ham barpo etildi.
[gallery-413]
– Tumanimiz aholisining aksariyatini yoshlar tashkil etadi, – deydi Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi rahbari Mahliyo Beknazarova. – Tumanda “Yoshlar daftari”ni shakllantirish jarayonida ularning muammolarini o‘rganish, ayniqsa, bandligini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu ma’noda ishga tushgan ushbu guzar ham yoshlarimizning kasb-hunar o‘rganishi, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishiga yordam beradi.
«Yoshlar mehnat guzari»ning ishga tushishi bilan 20 nafar yoshlar doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA