Yurtimizning barcha joylarida bo‘lgani kabi Andijon viloyatining shahar va qishloqlarida ham qurilish, bunyodkorlik, aholining turmush farovonligini yuksaltirish, xususan, aholiga qulayliklar yaratish, savdo xizmati ko‘rsatish sifatini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bo‘ston tumani markazidagi Pillakor mahallasida barpo etilgan savdo markazi ana shu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarga bir misol.

Tuman hokimi Sanobarxon Nosirova, sektor rahbarlari, oqsoqollar, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida savdo markazi ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda so‘z olganlar tomonidan yangi savdo markazi aholiga katta qulaylik yaratish bilan birga, tumanda savdo xizmati ko‘rsatish sifatini yaxshilashga, bo‘stonliklarning turmush farovonligini yuksaltirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

“Bo‘ston elektroniks” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan umumiy qiymati 10 milliard so‘mga teng loyiha doirasida barpo etilgan savdo markazida oziq-ovqat, trikotaj, maishiy texnika mahsulotlari, mebel, xo‘jalik jihozlari bilan savdo qiladigan alohida bo‘limlar tashkil etildi. Savdo majmuasining ishga tushishi bilan 25 nafar kishi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),
O‘zA