Vatanimiz tarixidagi 21 dekabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
21 dekabrdan 22 dekabrga o‘tar kechasi eng qisqa kunduz va 17 soat davom etadigan eng uzun tun sodir bo‘ladi. Qishning bu eng uzun va qorong‘i kechasi Yaldo kechasi deyiladi.
1232 yil (bundan 788 yil oldin) – tarixchi olim Ziyo Buniyodovning yozishicha, mo‘g‘ullar Isfahonga bostirib kelganida bir mo‘g‘ul xazina izlab, atoqli qasidago‘y shoir, oltmish yoshli Kamoliddin Ismoilni o‘ldirdi. U so‘nggi ruboyisini o‘z qoni bilan yozdi. Bu vaqtda sulton Jaloliddin Manguberdi olamdan o‘tgan, mo‘g‘ullar zulmi avjiga chiqqan edi.
Go‘zal ma’nolarni ochgani uchun Kamoliddin “Halloqi maoniy” (“Ma’nolar yaratuvchi, ijodkor”) laqabini olgan. U xorazmshohlardan Takash, Alouddin Muhammad, Jaloliddin Manguberdi, G‘iyosiddin Pirshoh, Fors otabegi Sa’d ibn Zangiy va uning o‘g‘li Abu Bakrlarga atab qasidalar yozgan.
1526 yil (bundan 494 yil oldin) – Boburga qarshi suiqasd uyushtirildi. Mahv etilgan Ibrohim Lo‘diyning onasi oshpazlar bilan til biriktirib, uning ovqatiga zahar qo‘shtiradi. Shuning asoratimi yoki ko‘p yillik mashaqqatli va qo‘nimsiz hayot ta’sirimi, keyingi yillarda Bobur tez-tez kasalga chalinib turadi.
1913 yil (bundan 107 yil oldin) – Ubaydulla Asadullaxo‘jayev Toshkentda mahalliy tilda “Sadoi Turkiston” nomli gazeta chiqarishga ruxsatnoma oldi. Mahalliy tilda chiqadigan ushbu gazetaning keng omma o‘rtasidagi ulkan ahamiyatini hisobga olib Turkiston general-gubernatori davlat bosmaxonalariga bu gazetani chiqarish bo‘yicha buyurtma qabul qilmaslik to‘g‘risida farmoyish berdi. Oqibatda gazeta 1914 yil fevralidagina chiqa boshladi.
1931 yil (bundan 89 yil oldin) – kimyogar olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Abduali G‘aniyev dunyoga keldi (vafoti 1999 yil).
1942 yil (bundan 78 yil oldin) – tarixchi olim Amriddin Berdimurodovning yozishicha, Samarqanddagi Go‘ri Amir maqbarasidagi dahmalarni ochish uchun tuzilgan Hukumat ekspeditsayasi Samarqandda o‘z ishlarini tugalladi. Hukumat ekspeditsiyasi tomonidan 1941 yilda Temur, Ulug‘bek, Shohrux, Mironshoh, Muhammad Sultonlarning qabrlari ochilib, suyak hamda boshqa buyumlar olindi hamda keyinchalik suyaklar qazilgan paytida qanday uchratilgan bo‘lsa, xuddi shu tartibda joylashtirildi.
Hukumat ekspeditsiyasi tomonidan olib borilgan barcha ishlar hujjatlashtirib borildi. Aktlar o‘zbek, rus, fors va ingliz tillarining har birida besh nusxada xitoy bo‘yog‘i bilan XVII–XIX asrlarda tayyorlangan Samarqand, Buxoro, Qo‘qon qog‘ozlariga bitildi. To‘rt to‘plam akt har biri alohida holda naysimon qilib eshilib, uch joydan ipak ip bilan bog‘landi. Har bir o‘ram alohida maxsus tayyorlangan shisha idishlarga solindi. Har bir shisha idishning ichiga bir tomchidan simob quyildi. Idishlarning ichiga azot solinib, uning ochiq tomoni kavsharlandi.
Har bir shisha idish maxsus yasalgan marmar g‘iloflarga solindi va g‘ilofning qopqog‘i ganch bilan mustahkamlandi. Temur, Ulug‘bek, Shohrux va Muhammad Sultonlarning qabrlariga bittadan aktlar solingan shishalar joylashtirildi. Shu ishlar tamom bo‘lgach, qabrlarning ustidagi yozuvli toshlar qaytadan o‘z joylariga, xuddi avvalgidek o‘rnatilib, ganch yordamida mustahkamlandi. Mironshohning qabri ustida marmar tosh bo‘lmaganligi uchun u tuproq bilan to‘ldirilib, ustiga g‘isht terildi.
1991 yil (bundan 29 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi tashkilotiga a’zo bo‘ldi.
1991 yil (bundan 29 yil oldin) – Serra-Leone Respublikasi O‘zbekiston suverenitetini tan oldi.
1995 yil (bundan 25 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi, O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi (birinchi qismi) tasdiqlandi. «O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili haqida»gi Qonunga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”, “Naslchilik to‘g‘risida”gi Qonunlar qabul qilindi.
2004 yil (bundan 16 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2004 yil (bundan 16 yil oldin) – O‘zbekiston musulmonlari idorasida ko‘zi ojizlar uchun Brayl yozuvida nashr etilgan 8 jildlik Qur’oni karimning taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. Misr va Tunisdan keyin jahonning uchinchi mamlakati – O‘zbekistonda nashr etilgan mazkur kitob nogironligi bo‘lganlar uchun bebaho tuhfa bo‘ldi.
2017 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Unga asosan avgust oyining ikkinchi yakshanbasi O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kuni etib belgilandi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi