Xalqaro ekspertlar fikricha, AQSH prezidentining yangi boj siyosati XXR eksportini susaytiradi, degan taxminlar 2025 yil yakunida o‘zini oqlamadi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Pekin yilni rekord darajadagi — qariyb 1,2 trillion dollarlik savdo foydasi bilan yakunladi. Bu ko‘rsatkich ayrim yirik davlatlarning yalpi ichki mahsulotiga teng bo‘lib, Xitoyning global savdodagi ta’siri hanuz nihoyatda kuchli ekanini ko‘rsatdi.
Savdo profitsiti (eksport importdan oshib ketgan holat) Xitoy uchun ichki iqtisodiy bosimlar kuchaygan bir paytda muhim tayanch bo‘lib xizmat qildi. Ko‘chmas mulk bozoridagi inqiroz va ichki talabning sustligi fonida Pekin eksportni iqtisodiy “tayanch ustun” sifatida faol qo‘lladi. Natijada, AQSH bozoridagi yo‘qotishlar boshqa mintaqalar hisobiga qoplandi: Afrika, Janubi-Sharqiy Osiyo va Lotin Amerikasi XXR mahsulotlari uchun yangi asosiy yo‘nalishga aylandi.
Raqamlar bu strategiyaning samarasini yaqqol ko‘rsatdi. 2025 yilda Qo‘shma Shtatlarga eksport keskin — 20 foizga kamaygan bo‘lsa-da, Afrika bozoriga yetkazib berish qariyb 26 foizga, Osiyo davlatlariga esa 13 foizdan ortiq oshdi. Yevropa Ittifoqiga eksport ham o‘sishda davom etdi. Bu Xitoyning savdo aloqalarini diversifikatsiya qilish, ya’ni, bir bozorga qaramlikni kamaytirish siyosati tobora mustahkamlanayotganini anglatadi.

XXR bojxona idoralari vakillari tashqi muhit murakkabligicha qolayotganini tan olgan holda, mamlakatning global xatarlarga bardoshliligi sezilarli darajada oshganini ta’kidladi. Iqtisodchilar esa kuchli eksport ichki talabdagi zaiflikni vaqtincha bo‘lsada muvozanatlashtirib turganini qayd etmoqda.
O‘lkada alohida e’tibor avtomobil sanoatiga qaratilmoqda. Xitoy 2025 yilda qariyb 5,8 million avtomobil eksport qildi, elektromobillar esa deyarli 50 foizga o‘sdi. Bu Pekinni uchinchi yil ketma-ket dunyodagi eng yirik avtomobil eksportchisiga aylantirdi. Shu bilan birga, rasmiy Pekin haddan tashqari eksport iqtisodiy va siyosiy qarama-qarshiliklarni kuchaytirayotganini ham anglay boshladi. So‘nggi oylar importni kengaytirish, subsidiyalarni qisqartirish va savdo muvozanatini tiklash haqidagi bayonotlar shundan dalolat beradi.
Tramp tariflari qisqa muddatda AQSH–Xitoy savdosini sovutgan bo‘lsada, umumiy manzara aniq: XXR global savdo xaritasida o‘z o‘rnini yo‘qotgani yo‘q. Aksincha, u bosim ostida ham moslashish, yo‘nalishni o‘zgartirish va ustunlikni saqlab qolish qobiliyatini namoyon etdi.
Musulmon Ziyo, O‘zA