Jizzax shahar hokimi Komil Xolmurodov xizmat safari bilan Rossiya Federatsiyasining Boshqirdiston Respublikasiga bordi.
Yangi O‘zbekistonni barpo etishdek ulug‘ maqsadga erishish yo‘lida asosiy tayanchimiz bo‘lgan azmu shijoatli yoshlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularga barcha sohalarda o‘z iqtidori va salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratib berish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi.

O‘zbekiston Respublikasining 2016 yil 14 sentyabrda qabul qilingan “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonuni hamda Prezidentimizning 2021 yil 13 iyuldagi “Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni hamda davlatimiz rahbari raisligida 2020 yilning 17 avgust kuni xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarga munosib shart-sharoitlar yaratish va ular bilan tizimli ishlash yuzasidan videoselektor yig‘ilishida vazirlik, hokimlik va mutasaddi tashkilot rahbarlari zimmasiga yuklatilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Jizzax viloyatida ham bir qator xayrli ishlar amalga oshirildi.

Mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash, xorijda mehnat qilayotgan jizzaxliklarni ijtimoiy, huquqiy, moddiy va madaniy qo‘llab-quvvatlash maqsadida Jizzax shahar hokimi Boshqirdiston Respublikasi Ufa shahrida mehnat qilayotgan Jizzax viloyatidan borgan migrantlar bilan uchrashdi. Shahar hokimi migrantlar uchun yaratilgan mehnat, dam olish, ovqatlanish sharoitlari bilan atroflicha tanishib, zarurat tug‘ilganda tibbiy xizmat ko‘rsatilishi, ularni qiynayotgan muammolarini ham o‘rgandi, oilalaridan xabardorligi, oilalaridagi vaziyat bilan qiziqdi.

Ufa shahridagi “Limak Marash avtostroy dorogi” korxonasida ishlayotgan 2 nafar jizzaxlik yoshlarning muammosi joyida hal etildi.
Jizzax shahar hokimi K.Xolmurodovning Boshqirdistonga xizmat safari davom etmoqda.
A.Qayumov, O‘zA