Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari Oqibjon Inomov boshchiligidagi delegatsiya ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Boshqirdiston Respublikasida bo‘lib turibdi.
Joriy yilning 21–22 oktyabr kunlari Moskvada o‘tkazilgan Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi II hududlar Kengashi doirasida Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov Boshqirdiston rahbari Radiy Xabirov bilan uchrashgan hamda Namangandagi to‘qimachilik korxonalari Boshqirdistonda o‘z savdo uylari va do‘konlarini ochishi bilan bog‘liq tashkiliy ishlar yakuniga yetgani ma’lum qilingan edi.
[gallery-26322]
Ufa shahridagi “Mega” savdo markazida Namanganning “Aisha Home” korxonasi rasmiy shou-rum do‘koni tantanali ravishda ochilib, faoliyat boshladi. Ushbu yangi savdo uyi o‘zbek mahsulotlari uchun mintaqada barqaror platforma yaratadi. Mahsulotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri iste’molchiga yetkazish, logistika xarajatlarini optimallashtirish, talab va bozordagi o‘zgarishlarni tezkor o‘rganish imkonini beradi.
Ufada kostyum-shim hamda erkaklar, ayollar va bolalar kiyimlari ishlab chiqarish yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan yirik korxonalar uchun ham savdo uylarini tashkil etish rejalashtirilgan. Bu tashabbus Namangan yengil sanoati mahsulotlarini Rossiya bozoriga tizimli va keng ko‘lamda chiqarish qamrovini yanada oshiradi.
O‘zA