Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Boshqaruvning yangi yondashuvlari: xalqaro tajriba, muloqot va hamkorlik
15:42 / 2024-02-01

Bugun Toshkentda Xalqaro boshqaruv forumi bo‘lib o‘tdi. Uchinchi bor tashkil etilgan mazkur nufuzli tadbirda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Rossiya davlatlaridan ekspertlar, amaliyotchilar, shuningdek, yirik va o‘rta biznes egalari va rahbarlari, HRD va HR departamenti xodimlari, funksional bo‘limlar yetakchilari, korporativ universitetlar va o‘quv markazlari direktorlari ishtirok etdi.

Forumda M.V.Lomonosov nomidagi MDU xizmat ko‘rsatgan professori Tohir Bozorov, italiyalik ekspert Leonid Krol va boshqalar boshqaruvning yangi yondashuvlari, professional aloqalar tarmog‘ini kengaytirish, ilg‘or texnologiyalar bilan tanishish va xodimlarni boshqarish bilan bog‘liq innovatsion usullar haqida so‘z yuritdi. 

Ta’kidlash kerakki, boshqaruvni to‘g‘ri tashkil etish va uning davr talabiga mosligi har bir soha uchun muhim va bu yuqori samaradorlikning kaliti hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, bugungi kunda olimlar va tadqiqotchilar boshqaruvni har tomonlama o‘rganish va tahlil qilishga ahamiyat qaratmoqda. Negaki, inson faoliyati ma’lum rag‘batlantiruvchi omillarga asoslangan. Bu esa uni hayotga va ishga bo‘lgan munosabatini faollashtirishga xizmat qiladi. 

Toshkent xalqaro boshqaruv forumi tashkilotchisi Timur Yadgarovning qayd etishicha, ushbu tadbir barcha ishtirokchilar uchun o‘zaro muloqot va tajriba maydonini yaratib berdi. 

–Ta’kidlaganimizdek, mazkur forum Toshkentda uchinchi marotaba tashkil etildi va biz uchun bu tadbir muhim hisoblanadi. Chunki bizning maqsadimiz dunyo bo‘yicha boshqaruvning qanday texnologiyalari va usullari bo‘lsa, biz aynan shu metodikalarni jamiyat hayotiga tatbiq etishga harakat qilyapmiz. Shu sababli, tadbirga mamlakatimizdagi eng ilg‘or tashkilotlar, banklar va korxonalar rahbarlari va mutaxassislarni taklif etdik. Ular xorijdan kelgan ekspertlar bilan muloqot qilib, boshqaruv tajribasini o‘rganmoqda. Forum doirasida bir vaqtning o‘zida 20 dan ortiq mahorat darslari tashkil etildi. O‘ylaymanki, bu mahalliy ishtirokchilar uchun qulay imkoniyat bo‘ldi, – dedi T.Yadgarov. 

Forumda ishtirokchilar transformatsiya va o‘zgarishlarni boshqarish, innovatsiyalar va korporativ madaniyat, ekspatlar va mahalliy jamoalarning o‘zaro hamkorligi, oilaviy kompaniyalarda korporativ boshqaruv, startaplar va venchur investitsiyalar, jamoa mablag‘larini boshqarish kabi har bir rahbar uchun dolzarb bo‘lgan masalalarda fikr almashdi. Shuningdek, boshqaruvning yangi yondashuvlari va vositalari haqidagi bilimlarga ega bo‘lish, professional aloqalar tarmog‘ini kengaytirish, ilg‘or texnologiyalar bilan tanishish va xodimlarni boshqarish bilan bog‘liq innovatsion usullarni o‘rganish imkoniyatlari bo‘yicha muhokamalar ham ishtirokchilar uchun qiziqarli bo‘ldi. 

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA