Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Boshqaruvda xalqqa yanada sifatli xizmat ko‘rsata oladigan malakali kadrlar tayyorlanadi
10:39 / 2025-05-22

Yangi O‘zbekiston uchun yangi avlod rahbar kadrlarini tayyorlash, adolatli, professional, natijadorlikka yo‘naltirilgan davlat boshqaruvi tizimini yaratish dolzarb masalalardan hisoblanadi. Xo‘sh, kadrlarni maqsadli tayyorlashning zamonaviy tizimi qanday shakllanmoqda?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bosh inspektori Farangiz Avazbekova shu savolga javob berdi:  

– Kadrlar tayyorlashda “mobil boshqaruv apparati”ni shakllantirish, xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish juda zarur. Prezidentimizning joriy yil 5 maydagi «Istiqbolli kadrlarni maqsadli tayyorlash hamda ularni davlat boshqaruvi va xizmatiga samarali jalb etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni shu maqsadga qaratilgan. 

Hujjatda vatanparvar, inson kadrini e’zozlaydigan, korrupsiyaga toqatsiz va professional yangi avlod kadrlarini tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ularni yuqori tarmoq va sohalar uchun qayta tayyorlash va malakasini oshirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, mazkur sohada samarali ilmiy-innovatsion tadqiqotlar olib borish tartib-taomillarini yaxshilash nazarda tutiladi. Bu maqsadlarning amalga oshirilishi kadrlar siyosati islohotlarining transformatsiyasiga xizmat qiladi. 

Ushbu hujjatlar davlat xizmati tizimini modernizatsiya qilishning yangi bosqichini boshlab, inson kapitalini strategik resurs sifatida rivojlantirishga qaratilgan. 

Shu asosda Davlat boshqaruvi akademiyasi – Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasiga, shuningdek, mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi Prezident huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi etib qayta tashkil etildi. 

Bu faqat ushbu mas’ul idoralarning tashkiliy va huquqiy maqomi o‘zgarishi emas, balki bir vaqtning o‘zida davlat xizmati tizimining institutsional asoslari, ta’lim mazmuni va kadrlar tayyorlash mexanizmining kompleks qayta tashkillashtirilishidir. 

Albatta, ushbu islohotlar inson kapitalini boshqarish va rivojlantirish borasidagi bugungi global tendensiyalarga to‘liq mos keladi. 

Bu, o‘z navbatida, 2019 yilda kadrlar siyosatida boshlangan islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Xususan, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashkil etilishi bilan davlat organlari va tashkilotlarida xodimlarni boshqarish va inson resurslarini rivojlantirish borasida qator muhim ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, eng munosib kadrlarni davlat xizmatiga jalb etish maqsadida ochiq va mustaqil tanlovlar tashkil etish yo‘lga qo‘yildi. Rahbar xodimlar faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholash amaliyoti joriy etildi. Milliy kadrlar zaxirasi, masofaviy malaka oshirish va axborot-tahliliy tizimlari ishlab chiqildi. Davlat xizmatchilarining huquqlarini himoya qilish va ular uchun munosib shart-sharoitlar yaratish maqsadida kompleks o‘rganish va monitoringlar yo‘lga qo‘yildi. Bularning barchasi sohaning sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilishiga zamin yaratdi.  

2022 yilda davlat xizmati sohasida 30 yildan beri o‘z yechimini topmagan qator tizimli muammolarni hal qilishga qaratilgan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingani “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan  tamoyilni ro‘yobga chiqarishga huquqiy poydevor yaratdi.

Endilikdagi islohotlar esa, boshqaruvda xalqqa yanada sifatli xizmat ko‘rsata oladigan, boshqaruvda natijadorlikni ta’minlaydigan malakali kadrlar salohiyatini uzluksiz oshirilishini ta’minlashga qaratilmoqda. 

E’tiborli jihati, 2025 yil 1 iyuldan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan davlat xizmatchilarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash xodimlarning kasbiy rivojlanish ehtiyojlariga asoslangan holda tashkil etiladi hamda malaka oshirishning an’anaviy, muqobil va mustaqil shakllari joriy etiladi. 

2025 yil 1 oktyabrdan Akademiyada davlat xizmatidagi rahbarlar, rahbarlikka nomzodlar va boshqaruv kadrlari malakasini oshirish bo‘yicha qisqa muddatli kurslar hamda 2026 yil 1 yanvardan akademiyada muddati 6 oygacha bo‘lgan qayta tayyorlash ta’lim dasturlari joriy etiladi. 

Xulosa qilib aytganda, Yangi O‘zbekistonda davlat boshqaruvi madaniyati – kadrlarning uzluksiz sifatli ta’limi, xalqqa vijdonan xizmat qilish va natijadorlikni ta’minlashga yo‘naltirilmoqda.    

N.Abduraimova,

O‘zA