Bank-moliya akademiyasida Birinchi Toshkent xalqaro boshqaruv forumi o‘z ishini boshladi.
Mahalliy va xorijlik mutaxassislar, professor-o‘qituvchilar qatnashgan mazkur forumda Bank-moliya akademiyasi rektori Timur Yadgarov va boshqalar bank-moliya sohasida o‘qitish jarayonining innovatsion ta’lim dasturi bo‘yicha amalga oshirilayotgani kadrlar salohiyatini oshirish, bu kabi o‘zaro muloqotlarda ilmiy-amaliy yangilik, tajriba va ko‘nikmalarga ega bo‘lish imkoniyatini ochayotganini qayd etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 8 iyundagi «2020-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, akademiya bakalavriat va magistratura yo‘nalishlarida bank-moliya sohalarida yuqori malakali mutaxassislar va rahbarlar, bank va moliya sektori uchun kadrlar tayyorlovchi, qayta tayyorlab va malakasini oshiruvchi tayanch oliy ta’lim muassasasi etib belgilangan. Tashkil etilgan forum ushbu qaror ijrosini ta’minlash yo‘lidagi galdagi sa’y-harakatlardir.
– Toshkent xalqaro boshqaruv forumi O‘zbekiston ishbilarmon doiralari faoliyatida muhim ahamiyat kasb etadi, – dedi Bank-moliya akademiyasi rektori Timur Yadgarov. – Tadbir tashkilotchisi moliya sektorining tayanch oliy ta’lim muassasasi – O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi hisoblanadi. Rossiya direktorlar instituti, Qozon federal universiteti va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Rossiya xalq xo‘jaligi va davlat boshqaruvi akademiyasi Korporativ boshqaruv oliy maktablari bizning xalqaro hamkorlardir. Bosh hamkor esa O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar milliy banki bo‘lib, u forumning tashkiliy masalalarida o‘z yordamini ko‘rsatib, tashkilotchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlamoqda. Forumning asosiy maqsadi davlat va xususiy kompaniyalar, banklar va moliya tashkilotlari rahbarlarini, kichik va o‘rta biznes vakillarini amaliy ko‘nikmalar va biznes samaradorligini oshiruvchi vositalar bilan menejment va yetakchilik sohasidagi ilmiy-amaliy tadqiqotlarning so‘nggi natijalari bilan tanishtirishga hamda ularning malakasini boyitishga qaratilgan.
Forumda Rossiya, AQSH va Shveysariyaning xizmat ko‘rsatgan fan arboblari va menejment bo‘yicha amaliyotchi-ekspertlari o‘z ma’ruzalari bilan qatnashmoqda.
29 sentyabrga qadar davom etadigan ushbu Birinchi Toshkent xalqaro boshqaruv forum doirasida ikki plenar sessiya va sakkizta intensiv mahorat darslari bo‘lib o‘tadi.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA