Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Boshqaruv va rahbarlik mezonlari
19:38 / 2023-08-11

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Navoiy viloyati filiali tomonidan Navoiy shahar hokimligi boshqaruv xodimlari va sektor rahbarlari uchun ekspress trening tashkil etildi.

Prezidentimizning 2019 yil 3 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori bilan davlat fuqarolik xizmati sohasidagi kadrlarni tayyorlash, shuningdek, davlat fuqarolik xizmatchilarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish, yangi kompetensiyalarni o‘rgatish vazifalari belgilab berilgan.  

– Mazkur treningdan ko‘zlangan asosiy maqsad yangi tayinlangan tuman (shahar) hokimlarining lavozimga kirishish (adaptatsiya) jarayonini jadallashtirish, hokim va uning jamoasini yagona maqsad yo‘lida o‘zaro birlashtirish, hokimlik va sektor rahbarining samarali faoliyat yuritishi uchun zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni berishdan iborat, – deydi Agentlikning viloyat filiali inson resurslari va kadrlar salohiyatini rivojlantirish bo‘limi bosh inspektori Abror Latipov. – Treninglar bugungi kun rahbar xodimlarining shaxsiy rivojlanish va ish samaradorligini oshirishga qaratilgan “Jamoani shakllantirish va jamoa bilan ishlash”, Mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (EMSK) KPI asosida baholash, “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, va kambag‘allikni qisqartirishning samarali yo‘llari”, “Taym-menejment: vaqtdan unumli foydalanish” va boshqa shu kabi dolzarb mavzular bo‘yicha bo‘lib o‘tdi.  

Trening davomida tinglovchilarga ish rejalar tuzish, yo‘l xaritalar ishlab chiqishga oid nazariy ma’lumotlar berilib amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.  

Trening davomida samarali boshqaruv qarorlarini qabul qilish, jamoaviy ahillik, birdamlik bilan harakatlanish, mehnat faoliyati samaradorligini oshirish kabi bugungi kun rahbarlari uchun zarur ko‘nikmalarni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. 

Trening uch qismdan iborat bo‘lib, ishtirokchilar uchun unda nafaqat o‘quv mashg‘ulotlari, balki turli lavozimdagi xodimlar o‘rtasidagi aloqalarni, ijobiy munosabatlarni o‘rnatish uchun amaliy mashqlar ham o‘tkazildi.  

Dastlabki o‘quv mashg‘ulotlarida tinglovchilarga rahbarlar davlat fuqarolik xizmati sohasidagi yangiliklar bilan tanishtirilib, rahbarning yetakchilik xususiyatlari va xodimlarni samarali boshqarish mexanizmlari tushuntirildi.  

Ta’kidlash joizki, rahbarlarga o‘quv mashg‘ulotlari sohaning tajribali, malakali va yetakchi mutaxassis xodimlari tomonidan olib borildi. 

– Qiziqarli bahs va munozaralarga boy tarzda kechgan treningda ishtirokchilar ish samaradorligini oshirish bo‘yicha o‘z taklif mulohazalarini bildirish imkoniyatiga ega bo‘ldi, – deydi shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Ilhom Rahmatov. – Bugungi kunda rahbar va xodim o‘rtasida kuzatilayotgan muammolarni muhokama qilgan holda eng yaxshi yechim topish uchun g‘oyalar berish bilan birga fikr-mulohazalar almashildi, zaruriy takliflar ishlab chiqildi. Treninglar davomida aholining tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirishga moliyaviy ko‘maklashish, ularning daromadli mehnat bilan bandligini ta’minlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish, mahallabay ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish orqali kambag‘allikni qisqartirish sektor rahbarlari va mahallabay ishlashga mas’ul xodimlar hamkorligiga bevosita bog‘liq ekanligi atroflicha tushuntirib o‘tildi. Bu kabi treninglar xodimlarning bilim salohiyatini, malaka va bilim tajribasini oshirishda muhim o‘rin tutadi. Shu bilan birga kelgusidagi faoliyatlari natijadorligiga xizmat qiladi. Shu sababli bunday formatdagi o‘quvlarni muntazam ravishda o‘tkazib borish kerak.  

Seminar ishtirokchilari guruhlarga bo‘lingan holda jismoniy, aqliy va mantiqiy mashqlarga boy bo‘lgan “Jamoani shakllantirish hamda jamoa bilan ishlash” hamda “Nizoli vaziyatlarni boshqarish” mavzularida trening mashg‘ulotlarida ishtirok etdi.  

Treninglar davomida jamoaga rahbarlik qilish bu mas’uliyatli bo‘lishga alohida e’tibor qaratilib, qiyin vaziyatlarda, deylik, raqobat kuchli muhitda boshqaruv, tashkilotchilik va o‘zaro munosabatlarni qurishning muhim jihatlari tahlil etildi.

“Muammolarni yechishda ijodiy (kreativ) yondashuv mahorati” treningi ish jarayonida ijodiy fikrlash ko‘nikmasini qo‘llash, uni rivojlantirishga bag‘ishlandi. Interfaol o‘yinlar, maxsus mashqlar orqali ishtirokchilarning ijodiy imkoniyatlarini ochish, ularni namoyon etishga harakat qilindi.  

Trening so‘ngida boshqaruv xodimlari, sektorlar rahbarlariga aholi muammolari bilan manzilli ishlash, faoliyatni tashkil etishda natijadorlikka erishishga xizmat qiladigan taklif va tavsiyalar berildi.  

A.Bo‘riyev, O‘zA