English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Boshqaruv servis kompaniyalari o‘zini oqlayaptimi? (+video)
16:50 / 2024-04-16

Bugungi kunda mamlakatimiz miqyosida barpo etilayotgan aholi yashash manzillarining ko‘pchiligi ko‘p qavatli uy-joylarni tashkil etmoqda. Ko‘p qavatli uylarni sifatli qurib foydalanishga topshirish alohida ish bo‘lsa, ularga muntazam ravishda texnik xizmat ko‘rsatish yana bir mas’uliyatli vazifalardan biri hisoblanadi.

Yaqin o‘tmishdan bizga ma’lumki, ko‘p qavatli uylarga xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari xizmat ko‘rsatib kelgan. Hozirda esa barcha ko‘p qavatli uylar professional boshqaruv servis kompaniyalariga biriktirilgan. Mulkdorlar shirkati yoki boshqaruv servis kompaniyalari? Bu raqobat har ikkala tizimning qay biri afzalligi, odamlar ishonchini oqlay olishi borasida aholining mustaqil tanlovini yuzaga keltirmoqda. Buni Toshkent viloyati misolida kuzatamiz.  

“Chirchiq servis GR” Boshqaruv servis kompaniyasi kommunal xizmat ko‘rsatishning zamonaviy qiyofasi. Aholi va shirkatlar o‘rtasidagi muammo azaliy. Bir necha shirkatlarning birlashishi va yagona kompaniya bo‘lishi aholiga ko‘rsatilayotgan ish sifatining keskin ijobiy o‘zgarishiga sabab bo‘ldi. Boshqaruv servis kompaniyasi o‘zining ishchilari, buxgalteriyasi, kassasiga ega. Ish material bazasi mavjud.  

Kun davomida Chirchiq shahrining 1-kichik nohiyadagi ko‘p qavatli uylarini kuzatdik. Tomi, yerto‘lasidagi holat bilan tanishdik. Aholining fikrini o‘rgandik. Juda ko‘pchilik ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlardan mamnun. 

Xo‘sh, shirkat bilan ayni paytdagi mazkur kompaniyaning ish jarayonidagi farq nimada?  

– Farqi juda ko‘p. Ya’ni, shirkatlarda navbatchi santexnik, farrosh, qo‘riqlash xizmati kabi ko‘plab xizmatlar yo‘q edi, — deydi “Chirchiq servis GR” Boshqaruv servis kompaniyasi rahbari Mirhamiddin Rafiqov. — Bugungi kunda esa boshqacha boshqarish shakllari joriy qilingan. Hozirgi kunda boshqaruv servis kompaniyamizda chilangarlik, xonadonlarni tozalash, elektromontaj ishlari, yuk chiqarish va olib ketish, qulflarni o‘rnatish, xonadonlarning ichki qismini mukammal ta’mirlash, xonadonlarga eshiklar o‘rnatish, tom qismini ta’mirlash, kirish yo‘laklarini yangilash, issiqlik quvurlarini almashtirish, eshiklar va oyna romlarini o‘rnatish, fasad qismi, ichki muhandislik va kommunikatsiya tarmoqlarini ta’mirlash hamda obodonlashtirish ishlari bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatiladi. Maqsad ham shu masalalarni joyiga qo‘yib, katta-kichik muammolar aholi kayfiyatini buzmasligini ta’minlashdan iborat. Eng yaxshi ishchilarni saralab olganmiz. Zarur asbob-uskunalar, kerakli materiallar zaxirasi mavjud. 24 soat ishlaydigan dispetcher xizmati murojaatlarni qabul qilib, muammo yo‘nalishi bo‘yicha xodimlarni yo‘naltiryapti.  

Murojaatchi yarim tunda qo‘ng‘iroq qilsa ham, tong otishini kutmasdan, o‘sha zahoti avariya holatini bartaraf etamiz. Xodimlarning qaysi hududda qanday ishlarni amalga oshirayotgani ham u orqali nazorat qilinadi.  

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Toshkent viloyati qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda Toshkent viloyatida jami 5 mingdan ortiq  ko‘p kvartirali uy mavjud bo‘lib, ular 90 dan ortiq boshqaruvchi tashkilot tomonidan boshqariladi.  

“Chirchiq servis GR” Boshqaruv servis kompaniyasi 2022-yilda tashkil etilgan. Bugungi kunda Chirchiq shahrining 1-nohiya Lola mahallasida joylashgan 41 ko‘p kvartirali uylarga 30 dan ortiq qo‘shimcha servis xizmatlar ham ko‘rsatiladi. “Chirchiq servis GR” BSK faoliyati davomida 40 ta yerto‘ladagi barcha ichki muhandislik tarmoqlarini yangilagan. 20 ta ko‘p qavatli uyning fasad qismi to‘liq ta’mirlangan. Shuningdek, 176 ta markaziy elektr shit, 76 dan ortiq kirish yo‘laklari mukammal hamda 3800 kv/metr tom qismi joriy ta’mirdan chiqarilgan. Jamoa tomonidan aholiga qulaylik yaratish maqsadida hozirgi kunga qadar 25 ta zamonaviy bolalar o‘yingohi barpo etilgan.  

Bunday kompaniyalar faoliyatini yanada rivojlantirish, aholining kommunal xizmatlarni zamonaviy va qulay shaklda amalga oshirishini ta’minlash maqsadida “Mening uyim” elektron billing tizimi joriy etilib, test rejimida ishga tushirilgan. Endilikda, ko‘p kvartirali uy-joylar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasi mazkur tizimga kiritib borilmoqda va hozirda jami abonentlar soni 1,5 milliontani tashkil qiladi.  

“Chirchiq servis GR” Boshqaruv servis kompaniyasi ham ana shu tizimga ulangan. Bu odamlarga barcha turdagi to‘lovlarni uyda o‘tirgan holda, elektron platforma orqali amalga oshirish imkonini bermoqda. Asosiysi, servis korxonasida hech bir murojaat e’tiborsiz qolmaydi, tez fursatda hal etiladi. O‘z vaqtida olib borilayotgan xizmat ko‘rsatish ishlari natijasida Chirchiq shahri 1 kichik nohiyadagi aholining murojaatlari avvalgidan 3-4 barobar kamaygan.  

— Qariyb 30-yildan buyon shu yerda istiqomat qilaman, — deydi Chirchiq shahri Lola mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro Muborak Mardonova. — Mahallamizda oxirgi yillardagi o‘zgarishlar juda katta. Ko‘rib turibsiz, ko‘chalar obod, ko‘p qavatli uylarning kirish yo‘laklari, yerto‘lalar toza. Oldinlari yerto‘lalarda suv toshib, hidlanib yotardi. Shirkatlar masalani uzoq vaqtda ham hal qilib bermas edi. Yangi boshqaruv kompaniyasi, birinchi navbatda, notekis yo‘llarimizni asfalt qilib berdi. Kirish yo‘laklari, kanalizatsiya va suv tarmoqlari ta’mirlandi. Isitish davrida barcha nazorat ishlari o‘z vaqtida amalga oshirilyapti. Biror muammo chiqsa, to‘g‘ri kompaniyaga murojaat qilamiz. Lekin ishonasizmi, deyarli muammo bo‘lmaydi. Chunki kompaniya barcha masalalarni oldindan hal qilib yuradi. Hatto, ayrim odamlarning ishi tushmayotgani bois, kompaniya binosiga ham kirib ko‘rmagan. Bugun mahallamizdagi barcha fuqarolar boshqaruv servis kompaniyasining ko‘rsatayotgan xizmatidan mamnun.  

Demak, bu tizim o‘zini oqlamoqda. Boshqaruv kompaniyalari sifatli xizmatlari bilan odamlar ishonchiga kirib boryapti. Asosiysi, ko‘p qavatli uylar obod bo‘lib, aholi murojaatlari tezkor yechim topmoqda. Boshqaruv kompaniyalari faoliyatini tizimli rivojlantirish, bundan keyin hududlarda barpo etilayotgan barcha ko‘p kvartirali uy-joylar, xususan, zamonaviy “Yangi O‘zbekiston” massivlarida joriy etish o‘z samarasini beradi.  

Shu o‘rinda aytish joiz, har yili mamlakatimizda 18-aprel – Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari kuni sifatida keng nishonlanadi. Ochig‘ini aytganda, ular tufayli uyimizda, oilamiz davrasida qulay sharoitda yashaymiz. Ular esa kunni tunga, ba’zan esa tunni kunga ulab, barchamiz uchun mehnat qilishadi. Ularning vazifasi vaqt, manzil, sharoit tanlamaydi. Matonat, burchga bo‘lgan sadoqat, xalqqa bo‘lgan mehr ularni zimmalaridagi mas’uliyatli ishni bajarishga har chog‘ chorlaydi.  

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/4kQHdJOgIRE?si=zXygcBjxTkomGzmU" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Ular har doim xalq uchun hozir-u nozir. Bugun ular o‘z halovatlaridan kechib, odamlarning turmush sharoitini yaxshilash yo‘lida xizmat qilmoqda.  

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA