French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Boshqaruv samaradorligini ta’minlash uchun qanday raqamli yechimlar joriy qilinadi?
13:28 / 2026-02-02

Globallashuv davrida an’anaviy boshqaruv usullaridan «raqamli hukumat» modeliga o‘tish faqatgina zarurat emas, balki davlat xizmatining sifati va tezkorligini belgilab beruvchi asosiy omilga aylandi.

Boshqaruv samaradorligi agentligi Boshqaruv samaradorligini oshirishda raqamli texnologiyalarni joriy etish departamenti boshlig‘i Umid Samiyev bilan shu haqda suhbatlashdik.

– Raqamli yechimlar byurokratik to‘siqlar va inson omilini kamaytirish, korrupsiyaga qarshi kurashishda eng samarali vositalardan biri bo‘lib xizmat qilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2025 yil 6 dekabrdagi “Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mohiyatan davlat boshqaruvida natijaga yo‘naltirilgan tizimni joriy etishga qaratilgan.  

Inson resurslari bilan ishlashni takomillashtirish hamda raqamli texnologiyalarni davlat fuqarolik xizmatiga keng tatbiq etishga qaratilgan muhim huquqiy hujjat sifatida sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqmoqda. Unda davlat xizmatini isloh qilishda raqamli texnologiyalarning strategik o‘rni aniq belgilab berildi.

– Davlat xizmatiga qabul qilishda meritokratiya va ochiq raqobat tamoyillari qanday tatbiq etiladi?

– 2026 yil 1 martdan boshlab davlat organlaridagi barcha bo‘sh lavozimlar haqidagi ma’lumotlar yagona internet portali – “vacancy.gov.uz”da e’lon qilinadi. Endi fuqarolar o‘zlariga mos keladigan mutaxassislik, lavozim va mehnat sharoiti bo‘yicha talablarni ko‘rsatgan holda shu platformada «ish qidiruvchi» sifatida ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. Ya’ni, davlat xizmatiga ishga kirish jarayoni ochiq va shaffof elektron HR rekruting tizimiga o‘tkazilmoqda. Bu yangicha mexanizm orqali iste’dodli kadrlar uchun keng imkoniyatlar yaratiladi.  

“vacancy.gov.uz” orqali ro‘yxatdan o‘tgan hamda davlat xizmatiga kirish uchun talab etilgan test sinovlarini muvaffaqiyatli topshirgan nomzodlar platformada mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga mustaqil da’vogarlik qilish imkoniyatiga ega. Buning uchun test sinovlarini adolatli o‘tkazishga alohida e’tibor beriladi. Nomzodlar testlarni maxsus onlayn tizim orqali (biometriya va proktoring nazorati bilan) Agentlikning maxsus jihozlangan xonalarida topshirishlari mumkin. Test natijalari bir yilgacha amal qiladi.

Nomzodlarga qo‘yilgan malaka talablarini baholash jarayoni ham maksimal darajada avtomatlashtirilib, inson omilini qisqartirish nazarda tutilgan. Masalan, dastlabki saralash jarayonida nomzodning diplomi, tajribasi va malakasi avtomatik tarzda tekshiriladi. Qolaversa, zarurat tug‘ilsa, sohaviy bilimlarni qo‘shimcha baholash uchun test sinovlari ham o‘tkaziladi. Bu vazifani davlat organi buyurtmasiga binoan Boshqaruv samaradorligi agentligi huzuridagi Rahbar kadrlarni baholash markazi amalga oshiradi. Ushbu choralar bilan kadr tanlashda xolislik ta’minlanadi va kompetent mutaxassislar davlat xizmatiga jalb etiladi.

– “hrm.gov.uz” platformasi orqali kadrlarni rotatsiya qilish tizimini joriy etishdan maqsad nima? 

– 2026 yil 1 yanvardan tajriba tariqasida «Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)» maqomida belgilangan 33 tuman va shaharda davlat organlari rahbar kadrlari uchun rotatsiya tizimi joriy etiladi. Bunda, tuman va shahar darajasidagi rahbarlar har 5 yilda bir marta o‘zga hududga o‘tkazilishi belgilandi.  

Eng asosiysi, qaysi rahbarni qachon va qaysi hududga rotatsiya qilish lozimligini adolatli aniqlash uchun Agentlikning maxsus elektron platformasi – “hrm.gov.uz”dan foydalaniladi.  Ma’lumotlar bazasi va aniq mezonlar asosida rotatsiya qilinadigan nomzodlar tanlab olinadi. Shuningdek, har bir rotatsiya qilingan rahbar yangi lavozimga kirishishdan oldin hududning ijtimoiy-iqtisodiy holati bo‘yicha intensiv o‘quv kurslaridan o‘tkaziladi. Rotatsiyadan so‘ng esa rahbar faoliyati onlayn monitoring qilinadi.

– “Yagona boshqaruv samaradorligi” elektron platformasi qanday tartibda ishlaydi?  

– Farmon doirasida davlat boshqaruviga innovatsion tahlil usullarini joriy etish uchun katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlashga mo‘ljallangan “Yagona boshqaruv samaradorligi” elektron platformasini yaratish rejalashtirilgan. Ushbu platforma orqali davlat organlari faoliyati monitoring va tahlil qilinadi.

Turli vazirlik va idoralar ma’lumotlar bazalari integratsiya qilinib, Big Data, DWH, AI va BI texnologiyalari asosida davlat apparati ish samaradorligi baholanadi. Bu yondashuv faktlarga asoslangan qarorlar qabul qilish, idoralar faoliyatini ob’ektiv raqamlar orqali baholash imkonini beradi.

– “Davlat xizmatchisi” mobil ilovasi qanday takomillashtiriladi?  

– 2026 yil mart oyiga qadar ilovani takomillashtirish bo‘yicha texnik talablar ishlab chiqilib, unga onlayn malaka oshirish kurslari, bilimlarni baholash va tahlil qilish imkoniyatlari qo‘shiladi.  

Davlat xizmatchilari ishdan ajralmagan holda mobil telefon orqali bilim va ko‘nikmalarini oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ilova Agentlikning boshqa axborot tizimlari bilan integratsiya qilinib, yagona raqamli ekotizim sifatida ishlaydi.

– Eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) raqamlashtirilishi haqida to‘xtalsangiz.

– Farmonda davlat organlari rahbarlari faoliyatini baholashda qo‘llaniladigan KPI tizimini to‘liq raqamlashtirish alohida belgilab qo‘yilgan.  

2026 yil mart oyiga qadar idoralararo ishchi guruh tuzilib, mavjud KPIlarning raqamlashtirilganlik holati tahlil qilinadi. Keyinchalik rahbarlar faoliyatiga oid KPIlar “samaradorlik.gov.uz” elektron platformasiga integratsiya qilinadi. Bu rahbarlar faoliyatini real vaqt rejimida baholash imkonini beradi.

Agentlik axborot tizimlari axborot xavfsizligi talablariga muvofiqligini ta’minlash maqsadida “Kiberxavfsizlik markazi” bilan doimiy ekspertiza o‘tkazishi belgilab qo‘yilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, ushbu chora-tadbirlar davlat fuqarolik xizmati tizimidagi mavjud muammolarga zamonaviy raqamli yechimlar asosida javob berishga qaratilgan. Islohotlar davlat xizmatini shaffof, samarali va hisobdor boshqaruv standartlari asosida rivojlantirishga xizmat qiladi.

O‘zA muxbiri Norgul Abduraimova suhbatlashdi.