Senat yalpi majlisida boshqaruv servis kompaniyalari va uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar holati muhokama qilindi.
Aholiga uy-joy kommunal xizmatlar ko‘rsatishni tubdan yaxshilash hamda kommunal xizmatlarning boshqaruv tizimini takomillashtirish orqali uning samaradorligini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi. Xususan, o‘tgan davr mobaynida sohani tartibga solishga oid 50 ga yaqin normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan.

Bugungi kunda respublikamizda 44 ming 280 ko‘p kvartirali uy mavjud bo‘lib, ulardagi 1,5 milliondan ortiq xonadonga 971 boshqaruv servis kompaniyasi va 241 uy-joy mulkdorlari shirkati xizmat ko‘rsatmoqda.
Yalpi majlisda senatorlar uy-joy kommunal xizmatlar ko‘rsatishni yaxshilash hamda kommunal xizmatlarning boshqaruv tizimini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan bir qatorda, aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan va o‘z yechimini kutayotgan ayrim masalalarga ham e’tibor qaratdi.

Jumladan, ayrim boshqaruv kompaniyalari tomonidan majburiy badallarni belgilashda “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida”gi qonunga rioya qilmasligi hamda ko‘rsatilayotgan xizmatlar haqida uy-joy mulkdorlariga o‘z vaqtida hisobot bermasligi mulkdorlarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Bundan tashqari, ko‘p kvartirali uylar mulkdorlarining roziligisiz uy yerto‘lasi ijaraga berilishi, shuningdek, ijaraga berilgan umumiy mol-mulkning ijarasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar “Mening uyim” billing tizimiga biriktirilmagani hamda boshqaruv kompaniyalari tomonidan obodonlashtirish ishlari olib borilmayotgani alohida ta’kidlab o‘tildi.
Muhokama yakunida shu kabi masalalarga oydinlik kiritish maqsadida Senatning Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.
N.Abduraimova, N.Haydarov (surat), O‘zA