Sud – nizolarni hal etish, yechish maskani, sud odob-axloq me’yorlari, ya’ni qonunlar qo‘llaniladigan joy, sud adolat so‘rab boriladigan, adolat ta’minlanadigan muqaddas dargohdir.
Biroq sudda ayrim kredit qarzdorligini undirish va undiruvni garov mulkiga qaratish haqidagi da’volar ko‘rilayotganda, ayrim garovga qo‘yuvchi – javobgar, sud majlisida da’voga e’tiroz bildira turib, menga garovga qo‘yishni u yoki bu (joylardagi mahalliy) rahbar yo mas’ul aytgandi, ma’lum muddatga garovga qo‘yib tur, dasturlarda belgilangan bu masala degandi, shuning uchun garovga qo‘yganman, oqibatda endi mening garovga qo‘yilgan mulkim qulog‘ini ushlab ketadimi, u rahbarga boraman, bu mas’ulga yozaman, masalani shunday tashlab qo‘ymayman deydi.
Bunday holatda qonunlar, garov shartnomasi kredit ta’minoti uchun haq evaziga tomonlarning erkinligi asosida, ular o‘rtasida ixtiyoriy ravishda tuziladigan shartnomadir, bilaks topshiriqlar, og‘zaki va’dalar yoki boshqacha tarzda imzolanadigan shartnoma emas deb belgilaydi.
Sud ham shu qonunlar asosida to‘xtamga keladi. Ana shundan keyin esa, garovga qo‘yuvchi turli eshiklarni qoqadi. Sudyaga bosim o‘tkazish, unga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlashga erishish, sudyani obro‘sizlantirishni, kreditni qoplash uchun o‘zi tomonidan qonunan boy bergan garov mulki uchun sudya yo sudlardan qasd olishga tushadi.
Vaholanki, garov mulkining kredit qarzdorligini qoplashga yo‘naltirilish xavfi kattaligini qarovga qo‘yuvchi – javobgar topshiriqlar, og‘zaki va’dalar yoki boshqacha tarzda iltimoslarni bajargunga qadar o‘ylashi kerak edi.
Yana bir misol. Sudda davlat xaridlariga oid tegishli tartibda rasmiylashtirilmagan shartnomalar yuzasidan ish ko‘rilayotganda ham da’vogarlar ko‘pgina hollarda u yoki bu rahbar, mas’ul shartnoma bilan ishing bo‘lmasin, ishni boshla, mahsulotni yetkazib ber, ishni bajar, xizmatni ko‘rsat shartnoma bo‘yicha haqqingni to‘latib beraman degandi, shu bois, shartnoma g‘azna bo‘limidan ro‘yxatdan o‘tmagan bo‘lsa ham mahsulotni yetkazib berdim, xizmatni qildim, ta’mirlash ishlarini nihoyaladim, qurilishni tugatdim, haqqimni undirib berish lozim deydi.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida esa, belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tmagan shartnomalar haqiqiy emasdir, ular taraflar o‘rtasida majburiyat keltirib chiqarmaydi deya belgilangan.
Ayrim hollarda, do‘ppi tor kelib qolganida, kam sonli holatlar bo‘lsa hamki, ba’zi joylardagi tashkilot rahbarlari, mas’ullari qonunsiz topshiriqqa bo‘ysungan ya’ni, rahbar sari borib, qonunga bormay qilgan xatolarini sudda tuzatmoqchi, to‘g‘rilamoqchi bo‘lgan holatlar ham uchraydi.
Shu asosda ham sudlar ishonch va ishonchsizlik borasidagi munosabatlar qaratilgan, qaratilayotgan ob’ekt ekanligi ham tabiiy.
Sudlarda avvalo, qonun va qonun ustuvorligi adolatdir. Bu aksioma. Shuning uchun sudyalarning qarori qonuniy hamda qonun normasiga asoslangan bo‘lishi shart. Shundagina u qonun ustuvorligini, qonuniylikni, qonun oldida tenglikni, jazo muqarrarligini ta’minlashga astoydil xizmat qiladi.
Shu bilan birga, kreativ yondashuv, yangicha fikrlash, demokratik xalqparvar qonunlar asosida yashashga o‘rganish darkor. Eski jamiyat qobig‘idan chiqib ketishga jur’at topa bilish, inson aziz, adolat esa oliy qadriyat deb qarashga, shunday fikrlovchilarning fikriga ko‘nikishga to‘g‘ri keladi.
Aytish mumkin, inson tomonidan yaratilgan har qanday qonun o‘zgarishga, isloh etilishga mahkum, biroq adolat o‘zgarmas qonundir.
Nuriddin Murodov,
Sariosiyo tumanlararo iqtisodiy sudi raisi.