Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Boshqa davlatda tuzilgan nikoh O‘zbekistonda bekor qilinsa bo‘ladimi?
15:03 / 2025-12-13

Huquqiy munosabat

 Rossiya fuqarosi va O‘zbekiston fuqarosi Turkiyada nikohdan o‘tishdi. Nikoh O‘zbekistonda bekor qilinayotganda er-xotinning mulkini bo‘lish masalasiga qaysi huquq qo‘llanilishi kerak?

Ushbu holat yuzasidan Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Imomali Tuyev quyidagicha tushuncha berdi.

–O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 235-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida, boshqa davlat hududida o‘sha davlatning qonunchiligiga rioya qilingan holda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari o‘rtasida tuzilgan hamda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar o‘rtasida tuzilgan nikohlar, agar ushbu Kodeksning 16-moddasida nazarda tutilgan nikoh tuzishga monelik qiladigan holatlar bo‘lmasa, O‘zbekiston Respublikasida haqiqiy deb e’tirof etiladi.

Jumladan, Oila kodeksining 16-moddasida nikoh tuzishga monelik qiladigan holatlar belgilab qo‘yilgan bo‘lib, nikoh tuzishga loaqal bittasi ro‘yxatga olingan boshqa nikohda turgan shaxslar o‘rtasida, nasl-nasab shajarasi bo‘yicha to‘g‘ri tutashgan qarindoshlar o‘rtasida, tug‘ishgan va o‘gay aka-ukalar bilan opa-singillar o‘rtasida, shuningdek farzandlikka oluvchilar bilan farzandlikka olinganlar o‘rtasida yo‘l qo‘yilmaydi.

Shuningdek, loaqal bittasi ruhiyat buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslar o‘rtasida ham yo‘l qo‘yilmaydi.

Demak, agar yuqoridagi 16-moddada belgilab qo‘yilgan nikohga monelik qiluvchi holatlar bo‘lmasa, Turkiyada tuzilgan nikoh haqiqiy deb e’tirof etiladi.

Shu bilan birgalikda, kodeksning 236-moddasi 2-qismiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida yashab turgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida yashab turgan eri (xotini) bilan tuzilgan nikohdan, mazkur shaxs qaysi davlat fuqarosi ekanidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasi sudida ajralishga haqli.

Endilikda, asosiy masala nikoh bekor qilinayotganda er-xotin mulkini bo‘lishda qaysi qonunchilik qo‘llanilishi bo‘lib, Oila kodeksining 236-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi hududida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar o‘rtasidagi, shuningdek chet el fuqarolari o‘rtasidagi nikohdan ajratish O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.

Demak, ish O‘zbekiston Respublikasi sudlarida ko‘rib chiqilayotgan bo‘lsa, nikohdan ajratish va er-xotin mulkini bo‘lish masalasi ham O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra amalga oshiriladi, garchi ulardan biri Rossiya fuqarosi bo‘lib, nikoh Turkiyada tuzilgan bo‘lsa ham.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA