AQSH Prezidenti Vashingtonda jinoyatchilikka qarshi kurash rejasi e’lon qilinishi arafasida shahar markazida uyi yo‘q kishilarni darhol ko‘chirish taklifini ilgari surdi. Tramp bunday qatlamni poytaxtdan uzoqda joylashgan turar joylarga ko‘chirishni tavsiya qilgan.
Yetakchi o‘tgan oy boshpanasizlarni hibsga olish jarayonini soddalashtiruvchi farmon chiqardi va yaqinda 450 ga yaqin federal zobit Vashington ko‘chalariga joylashtirildi. Endi jarayonga Milliy gvardiyani jalb qilish ehtimoli ko‘rib chiqilyapti.
Shahar meri Muriel Bouzer Prezidentning ayni tashabbusiga qarshi chiqib, jinoyatchilik darajasi shundoq ham so‘ngi 30 yil ichida pasayganini aytdi. U Vashingtonni “Bag‘doddan ham xavfli” deb atash “asossiz va bo‘rttirilgan” baho ekanligiga e’tibor qaratdi.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, shaharda taxminan 3 800 boshpanasiz kishi bor, ularning 800 nafari ko‘chada yashaydi. Tramp tez orada jinoyatchilikni kamaytirish va shaharni “fizik jihatdan obodonlashtirish” rejasini batafsil bayon qilishi kutilyapti.
Musulmon Ziyo, O‘zA