Qobiljon asli xatirchilik. U Navoiy madaniyat va san’at kollejini bitirib, 2013 yildan buyon “Uchquduq” madaniyat saroyida ishlab keladi. Hozirda madaniyat saroyining badiiy rahbari.
Qobiljon ikki kasbni bir qo‘lda tutganlardan. Bugun uning boshlovchi sifatida har bir davra, tadbirda aytadigan o‘z so‘zi, gapi bor. Undagi jozibali nutq san’ati va boshlovchilarga xos sehrli ovozi kishilar diqqatini o‘ziga torta oladi. Badiiy rahbar sifatida tashkil etgan tadbirlar esa nafaqat NKMK ishchi-xodimlariga, balki tumanning 7 yoshdan 70 yoshigacha bo‘lgan auditoriyasi uchun manzur bo‘ladi. Boshlovchiligi esa o‘sha tadbirlarga fayz bag‘ishlaydi.
– Boshlovchi uchun eng muhimi kerakli vaqtda kerakli so‘zni ayta bilishdir. Ammo o‘zingni ovozing, o‘zingni ohangrabong bo‘lmasa, davradagilar seni eshitmaydi. Odamlarning yodida qolishing tugul sening so‘zing, gapirayotgan gaping shovqinlar ichida qolib ketaveradi, – deydi Qobiljon Qurbonov.

Yoshligidan boshlovchilikka qiziqqan Qobiljon ta’lim olish jarayonida xalqimizning sevimli san’atkorlari bilan tanishdi. Ularni ustoz, deya etagidan tutdi. Bu harakatlar esa besamar ketmadi.
– Yoshligimdan mahoratli so‘z ustasi O‘tkir Siddiqovga taqlid qilardim. Men ham katta sahnalarda chiroyli kiyinib chiqib, butun zalni o‘zimga qaratsam, so‘zim bilan mahliyo etsam derdim, – deya eslaydi Qobiljon. – Birovning so‘zini birovga yetqazish qanchalik mahorat talab etishini har sahnaga chiqqanda yodga ol, degan edi rahmatli ustozim Rahmatilla Mirzayev. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, aktyor birinchi ustozim Fotih Jalolovdan o‘rganganlarim esa bugun ham Uchquduq ahliga qilayotgan xizmatlarimda asqatyapti.
Bugun Qobiljon Qurbonov badiiy rahbarlik qilayotgan “Uchquduq” madaniyat saroyida 14 ta to‘garak faoliyat yuritadi. Ularga yuzlab uchquduqlik yoshlar jalb etilgan. Yaqinda tashkil etilgan “Xushchaqchaq” havaskor teatr jamoasi tomonidan sahnalashtirilgan “Yodgor”, “Bebaxt orzular”, “Non qadri”, “Kulfatlar nayrangi” kabi spektakllar tomoshabinlarga manzur bo‘lish barobarida teatr san’atiga, aktyorlikka qiziquvchi uchquduqlik yoshlarni kashf etdi. Shu kunlarda bu jamoa “Oltin xazina yoxud aqldan ozish hech gapmas” super komediya ustida ishlayapti.
Bugungi kunda madaniyat saroyida faoliyat olib borayotgan Banu Iskakova, Gulnur Kurakbayeva, Magjan Sadukasov, Feruz Ivadullayevlar allaqachon uchquduqliklarning “sevimlisi”ga aylanib ulgurgan.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri