Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Boshlang‘ich ta’limda xalqaro yondashuvlar (+video)
18:32 / 2026-01-07

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti hamda Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi hamkorligida PIRLS xalqaro tadqiqoti doirasida “O‘qish savodxonligini baholash va rivojlantirish” mavzusida mamlakat miqyosidagi trening o‘z ishini boshladi.

Treningning ochilish marosimida maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Azizbek Turdiyev so‘zga chiqib, xalqaro baholash dasturlarida ishtirok etish ta’lim tizimini rivojlantirishda muhim omil ekanini ta’kidladi. Xususan, PIRLS tadqiqoti boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida o‘qib tushunish ko‘nikmalarini rivojlantirish, ta’lim sifati va samaradorligini oshirishda metodik asos bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi.

Joriy yilning 6–8 yanvar kunlari davom etadigan o‘quv yig‘inida hududiy pedagogik mahorat markazlari direktorlari o‘rinbosarlari, boshlang‘ich ta’lim mutaxassislari hamda soha ekspertlaridan iborat jami 39 nafar ishtirokchi qatnashmoqda. 

Mashg‘ulotlar davomida PIRLS tadqiqoti natijalari asosida ishlab chiqilgan ilmiy-amaliy yondashuvlar, o‘quvchilarning matnni anglab o‘qish kompetensiyalarini rivojlantirish usullari, shuningdek, ochiq manbalarda e’lon qilingan PIRLS matnlaridan ta’lim jarayonida samarali foydalanish masalalari atroflicha muhokama qilinmoqda.

Jarayonlarni metodik jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘qituvchilar uchun 2 ta amaliy qo‘llanma, o‘quvchilar uchun 8 ta mashq daftari hamda maxsus onlayn platforma ishlab chiqilgan. Ushbu resurslar pedagoglarga zamonaviy yondashuvlar asosida darslarni tashkil etish va o‘quvchilarning o‘qish savodxonligini tizimli ravishda rivojlantirish imkonini beradi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ke1NWKK5dzU" title="Boshlang‘ich ta’limda xalqaro yondashuvlar" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Musulmon Ziyo, Oybek Davronov (video), O‘zA