Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Boshlangan yil yurtimiz, xalqimiz uchun xayrli bo‘ladi
12:08 / 2023-01-03

Tarix sahifasiga muhrlangan 2022 yil O‘zbekiston uchun yuksalish yillaridan biri bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki yakunlangan yilda mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha jabhalarida ijobiy o‘zgarishlar, natijalar qayd etildi.

Jamiyatimiz hayotida demokratik prinsiplar, ochiqlik, oshkoralik, inson haq-huquqlarini ta’minlash tamoyillari yanada mustahkamlandi, xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirishga qaratilgan say’-harakatlar ko‘lami kengaydi. Ayniqsa, ta’lim, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning o‘z iqtidor va salohiyatlarini to‘laqonli yuzaga chiqarishga ko‘maklashish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Bunga o‘zim faoliyat olib borayotgan Shahrixon tumanidagi 53-ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi faoliyati misolida ham yana bir bor amin bo‘ldim.  

Maktabimizda o‘quv-tarbiya jarayonini samarali tashkil etish maqsadida zamonaviy pedagogik texnologiyadan keng foydalanish yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, maktablar uchun yangilik bo‘lgan "Fan kafedralari", "O‘quvchilar ilmiy jamiyatlari" tashkil etilgan. Qolaversa, maktabimiz jamoasi turli yillarda "Yil maktabi" ko‘rik-tanlovining viloyat, respublika bosqichlarida faxrli o‘rinlarni egalladi, yuzlab o‘quvchilarimiz tuman, viloyat, respublika fan olimpiadalarida g‘oliblar qatoridan o‘rin oldi, xalqaro fan olimpiadasida ishtirok etdi.  

Umuman, ta’lim-tarbiyaga qaratilayotgan e’tibor, berilayotgan keng imkoniyatlar, ayniqsa, faoliyatimizga ilg‘or xorijiy tajribalarni  tatbiq etish natijasida xalq ta’limi tizimi yanada yuqori bosqichga ko‘tarilmoqda.  

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy yil mamlakatimizda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb e’lon qilindi. Ishonamanki, xalq ta’limi tizimini isloh qilishga qaratilgan ibratli ishlar bu yil ham izchil davom ettiriladi.  

Prezidentimiz yangi yil arafasida Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomada  “Ta’lim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘li” ekanligini, ta’lim sohasidagi islohotlar davlat rivoji uchun nechog‘lik muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab, ta’limni rivojlantirish masalasiga alohida to‘xtalgani bejiz emas.  

Jumladan, murojaatnomada yurtboshimiz ma’rifatparvar jadid bobolarimizning “Najot – ta’limda, najot – tarbiyada, najot – bilimda. Chunki, barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi”  degan so‘zlariga to‘xtalib, bu so‘zlar deputat va senatorlar, siyosiy partiyalar, mahalliy kengashlar, butun davlat apparati, keng jamoatchilikning amaliy harakatiga aylanishi kerak. Shu bois, maktablarda ta’lim sifati hamda jamiyatda o‘qituvchi kasbining nufuzini oshirish, muallimlarning sharoitlarini yaxshilash 2023 yildagi eng asosiy vazifalardan biri bo‘lishini bildirdi.

Albatta, Prezidentimizning ushbu tashabbusi men kabi barcha ziyolilarga kuch beradi, ilhomlantiradi. Shaxsan men ko‘p yillik pedagogik va boy hayotiy tajribamdan kelib chiqib, ta’limni rivojlantirishga qaratilgan ishlarni yuqori bosqichga ko‘tarish jarayonida bor imkoniyatimni ishga solib, yanada faol ishtirok etaman.  

Kirib kelgan yangi yil nafaqat ta’lim tizimini rivojlantirish, balki mamlakatimiz taraqqiyotini, xalqimiz turmush farovonligini yanada yuksaltirishga, yurtdoshlarimizning ezgu maqsadlarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladigan xayrli yillardan biri bo‘lishiga ishonaman.  

 

Kamoliddin G‘opirov,

Andijon viloyati Shahrixon tumanidagi

53-ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi

direktori, O‘zbekiston Qahramoni

O‘zA