Buxoroda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan sana munosabati bilan viloyat jamoatchilik vakillari, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar, “Milliy gvardiya” boshqarmalari, Buxoro harbiy gornizoni shaxsiy tarkibi, shuningdek, viloyatdagi oliy ta’lim dargohlari pedagog jamoalari va talaba yoshlari ishtirokida “Bir Vatan, bir el, bir bayroq!” shiori ostida tantanali tadbir keng nishonlandi.
Buxoro davlat texnika universitetidan Qayum Murtazoyev, Alisher Navoiy hamda Muhammad Iqbol ko‘chalari bo‘ylab “Kitoblar olami” hamda “Buxoro Yoshlar markazi” tomon yurish marafoni tashkil etildi.



Darhaqiqat, bugungi ayyom – ko‘ksida Vatan degan muborak nomni gard yuqtirmay olib yurishni o‘ziga sharaf deb bilganlar bayrami. Bu – Yangi O‘zbekistonni bunyod etishga sidqidildan intilayotgan mardona xalqimiz bayrami. Bu – o‘z ilmi, kasb, fidoyiligi bilan buyuk ajdodlarga munosib bo‘lishga intilayotgan olovqalb yoshlar bayrami. Bu – bir butun Vatanga aylangan o‘zbekistonliklar bayrami. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, ona diyorimiz istiqloli umrboqiy bo‘lsin. Vatanimiz bayrog‘i doimo boshimiz uzra mag‘rur hilpirab turaversin.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.