English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Boshimda tojim onam” nomli kitobning taqdimoti o‘tkazildi
10:06 / 2024-03-14

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida atoqli shoir Muhammad Ismoilning “Boshimda tojim onam” nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Hojimatov shoir kamoloti uni bevosita voyaga yetkazgan ona bilan uzviy bog‘liq ekanini ta’kidladi.  

–  Prezidentimizning 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bildirgan tabrigida ma’naviy tarbiyani “Ezgulik – shiorimiz, ma’rifat – qurolimiz” degan g‘oya asosida avvalo oiladan, mahalladan boshlashimiz zarurligiga alohida e’tibor qaratdilar, – dedi Minhojiddin Hojimatov. – Ushbu shior bugungi kunda barcha ziyolilar kabi adabiyot fidoyilarining ham qalb chirog‘iga aylandi. Muhammad Ismoilning “Boshimda tojim onam” nomli kitobini varaqlab, unga havasim keldi. Negaki, oltmish yoshda onaga bor izhorini badiiy asar sifatida bildirish ijodkorning ulkan qalbidan darak beradi. Muallifning “men uchun Vatan onamning yuragidan boshlanadi”, degan so‘zlari har birimizning yuragimizga yetib boradi.  Muhammad Ismoilning katta adib, shoir, publitsist sifatida shakllangani e’tiborga molikdir.  

– “Boshimda tojim onam” nomli kitob onadek mayin, latif kitob bo‘libdi, – dedi “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri, ustoz jurnalist Ahmadjon Meliboyev. – Kitobni mutolaa etayotgan o‘quvchi bevosita uning ichiga kirib ketadi. Muhammadjon uchun eng katta boylik onaning duosi ekani shu kitobda yaqqol namoyon bo‘ladi. Zero, millatimiz ona duosini doim ulug‘ qadriyat sanagan. Bu kitobni o‘qigan odam o‘zini taftish etadi. Vodiyda ijodiy uchrashuvlarda bo‘lganimizda adabiyot muxlislari Muhammadjonning she’rlarini uning o‘zi bilan jo‘rovozlikda aytib berishganiga guvoh bo‘lganman. Ijodkor uchun bundan ortiq baxt bo‘lmasa kerak. Aslida onalarga, ayollarga faqatgina 8-mart kunlari emas, balki  365 kun ta’zimda bo‘lmog‘imiz kerak. Muhammadjon o‘z kitobi bilan bunday ezgu ishni boshlab bergan.  

Tadbirda Muhammad Ismoilning ijodiy faoliyati haqida batafsil so‘z yuritildi.  

Yangi kitobda muallif o‘z onasi timsolida o‘zbek onalariga ta’rif beradi. Shuningdek, adibning xulosalari, tajribalari, saboqlari, kuzatishlari jamlangan “Yon daftarimdagi bitiklar”i ham ushbu kitobdan o‘rin olgan. Unda muallif inson, jamiyat hayoti haqida o‘z fikrlarini bayon etadi.  

Kitobga Ulug‘bek Xalilov muharrirlik qilgan. “Ijod nashr” nashriyotida chop etilgan mazkur to‘plamga “Onamning yuragi”, “Taqdir o‘yinlari”, “O‘zbek qayerda bo‘lsa-da, o‘zbek!”, “O‘zbekning chirog‘i”, “Besarhad dunyo” kabi qator hayotiy hikoyalar jam bo‘lgan.  

Tadbir yakunida ishtirokchilarga “Boshimda tojim onam” kitobi tuhfa etildi.  

 

Nazokat Usmonova,

O‘zA