Boshiga baxt qushi qoʻngan choʻpon va uning qalʼasi haqida bilasizmi?
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ellikqalʼa tumanida joylashgan Ayoz-qalʼa miloddan avvalgi IV-III asrlarga oid tarixiy yodgorlikdir.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ellikqalʼa tumanida joylashgan Ayoz-qalʼa miloddan avvalgi IV-III asrlarga oid tarixiy yodgorlikdir.
Yodgorlik 3 ta shaharcha kompleksidan iborat.
Ayoz-qalʼaning birinchi shaharchasi Xorazm vohasini Qizilqum va Qoratogʻ tomonidan kelishi mumkin boʻlgan koʻchmanchi bosqinchilardan himoya qilish uchun qurilgan, deb taxmin qilinadi. Ikkinchi shaharcha taxminan milodiy VII asr oxiri, VIII asr boshlarida Afrigid sulolasi hukmronligi davrida qurilgan. Uchinchi shaharcha esa miloddan avvalgi IV-III asrlarga tegishli.
Xalq orasida qalʼa va uning nomi bilan bogʻliq afsonalar mavjud. Aytishlaricha, shu yerning hokimi vafot etganida uning merosxoʻri yoʻqligi bois “baxt qushi” yordamida yangi hokim xalq orasidan tanlanadi. Yaʼni, baxt qushi 3-marta uchirilganida ham oddiy choʻpon Ayozning yelkasiga qoʻnadi va u taxtga oʻtqaziladi. Yangi hokim oʻzining choʻponlik davrini esdan chiqarmasligi uchun eski chorigʻini taxtining roʻparasi, doim koʻzi tushib turadigan joyga, kirib chiqqanida boshi tegib turishi uchun eshikning tepasiga osib qoʻyadi. Ayoz elparvar, insofli, diyonatli hokim boʻlgani uchun xalq uni sevib, qalʼani “Ayozning qalʼasi”, deb atab kelgan. Yana bir taxmin – qalʼa yuqori tepalikda joylashgani bois, bu yer doim shamolli va sovuq boʻlgan. Shu bois xalq tilida ayozli qalʼa deyilgan.
Ayoz-qalʼa Buyuk ipak yoʻli boʻyida joylashgani va qalʼa orqali karvonlar qatnagani arxeologik ilmiy topilmalar orqali isbotlangan. Hindlarga mansub boʻlgan Gandxar uslubida ishlangan haykalcha, Xitoy shoyi matosi boʻlagi, rus xalqi eski alifbosida yozilgan muhr kabilar shular jumlasidan. Arxeologik topilmalar orasidagi tegirmon toshi, tandir, don va uzumdan ishlangan ichimlik qoldigʻi saqlanib qolgan xumlar bu yerda aholi zich yashaganini hamda vohada dehqonchilik, bogʻdorchilik, savdo-sotiq rivojlanganini tasdiqlaydi.
Mazkur yodgorlik bilan yaqindan tanishish uchun har yili dunyoning koʻplab davlatlaridan sayyohlar tashrif buyuradi. Sayyohlar uchun “Ayozqalʼa-tur” turistik kempingi tashkil qilingan. Kempingda 20 ga yaqin oʻtov mavjud.