Jizzax viloyatining cho‘l tumanlari hududida ko‘p qavatli uylar atrofidagi bo‘sh yer maydonlaridan samarali foydalanish borasida amaliy ishlar izchil yo‘lga qo‘yilmoqda. Ayni paytda Arnasoy tumani mahallalarida zamonaviy, yengil konstruksiyali va ixcham pillaxonalar barpo etish ishlari jadal davom etmoqda.
Loyiha doirasida qurilayotgan har bir pillaxona 10x20 metr o‘lchamga ega bo‘lib, umumiy maydoni 200 kvadrat metrni tashkil etadi. Mazkur inshootlar pillachilik mavsumida qurt boqish jarayonini samarali tashkil etishga xizmat qiladi. Mutaxassislar fikricha, zamonaviy va qulay sharoit yaratilishi pilla hosildorligini oshirish, mehnat unumdorligini yuksaltirish hamda mahsulot sifatini ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda.

Ma’lumki, yurtimizda pillachilik qishloq xo‘jaligining strategik tarmoqlaridan biri sifatida rivojlantirilmoqda. So‘nggi yillarda sohani modernizatsiya qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish, eksport salohiyatini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Arnasoy tumanida amalga oshirilayotgan mazkur tashabbus ana shu keng qamrovli islohotlarning amaldagi ifodasi sifatida ahamiyat kasb etmoqda.
E’tiborli jihati shundaki, pillaxonalardan faqat mavsumiy maqsadlarda emas, balki yil davomida samarali foydalanish ko‘zda tutilgan. Mavsumdan tashqari davrda ushbu maskanlar aholining turli marosim va tadbirlarini o‘tkazish uchun qulay ijtimoiy hudud vazifasini bajaradi. Bu esa infratuzilmadan oqilona foydalanish, mahallalarda ijtimoiy faollikni oshirishga xizmat qiladi.

Tashabbus natijasida mavsumiy ish o‘rinlari yaratilmoqda, aholi bandligi ta’minlanib, xonadonlar daromadi ortishiga zamin yaratilmoqda. Eng muhimi, ko‘p qavatli uylar atrofidagi bo‘sh va qarovsiz yer maydonlari obod maskanga aylanib, hududning iqtisodiy va ijtimoiy salohiyati mustahkamlanmoqda.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, yer resurslaridan oqilona foydalanish, ixcham va ko‘p funksiyali inshootlar barpo etish kabi yondashuvlar hududlar taraqqiyotida samarali mexanizmga aylanmoqda. Arnasoydagi pillaxonalar esa ana shunday tashabbuslarning yorqin namunasi sifatida e’tirof etishga arziydi.

A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari