Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bosh vazir qabulxonasi tadbirkorning eng yaqin ko‘makchisi
18:43 / 2021-03-31

Mamlakatimizda keyingi yillarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini tadbirkorlikka jalb etish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Natijada tadbirkorlar safi kengayib, yurtimiz iqtisodiy taraqqiyotida ularning o‘rni va roli tobora ortmoqda.

Prezidentimizning 2020 yil 13 oktyabrdagi «Aholini tadbirkorlikka jalb qilish tizimini takomillashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijrosi mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada takomillashtirishga muhim ahamiyat kasb etayotir.

Ushbu qaror bilan 2020 yilning 15 noyabridan boshlab tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tartibi belgilandi. Unga ko‘ra, kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkilotlari kurslarini muvaffaqiyatli tamomlab, maxsus sertifikat olgan tashabbuskor jismoniy shaxslar, xususan, yoshlar va xotin-qizlarga o‘z biznesini tashkil etish uchun 33 million so‘mgacha bo‘lgan miqdordagi mikrokreditlar ta’minotsiz ajratilishi amaliyotga joriy etildi.

Biroq nafaqat tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘layotgan fuqarolar, balki tadbirkorlar ham faoliyati davomida turli to‘siq va qiyinchiliklarga duch kelayotganligidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Ana shundan kelib chiqib tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchrayotgan muammolarni hal etishga ko‘maklashish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish, tadbirkorlar murojaatlari bilan ishlashning sifati va tezkorligini oshirish maqsadida Prezidentimizning 2019 yil 14 maydagi «Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni asosida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari tashkil etildi.

O‘tgan davr davomida ushbu qabulxonalar minglab tadbirkorlar, chet el investorlari uchrayotgan muammoli masalalarning hal etilishiga, ularning murojaatlariga ijobiy yechimi topilishiga yordam bermoqda. Yanada aniqroq aytadigan bo‘lsak, Bosh vazir qabulxonalari tadbirkorlarning eng yaqin himoyachisi va ko‘makchisiga aylandi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Asaka tumanidagi Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasiga joriy yilning o‘tgan davrida 93 ta tadbirkordan 98 ta masala yuzasidan murojaatlar kelib tushgan. Murojaatlar belgilangan tartib doirasida ko‘rib chiqilib, ularning 96 tasi, ya’ni 98 foizi hal etildi, 2 ta murojaat bo‘yicha masala mutasaddi tashkilotlar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

Murojaatlarning 66 tasi yoki 69,4 foizi yoshlar va ayollar hissasiga to‘g‘ri keladi. Ularning 66 tasi yoki 97,1 foizi hal etildi, 2 ta murojaat esa ko‘rib chiqilmoqda. Hal etilgan 66 ta murojaatning 47 tasi qanoatlantirilgan bo‘lsa, 19 tasiga huquqiy tushuntirishlar berildi.

Qabulxona xodim va mutaxassislari joylarga chiqib sayyor qabullar o‘tkazayotganligi, qator muammolarni ana shu yerning o‘zida hal etilishiga ko‘maklashayotganligi ham tadbirkorlarga qo‘l kelmoqda. Sayyor qabullar tadbirkorlarning muammo va murojaatlarini o‘rganish, aholini tadbirkorlikka jalb etish, joylarda ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan ishlar samaradorligini oshirishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tadbirkorlikni rivojlantirish borasida olib borilayotgan yuqoridagi kabi ishlar eng avvalo, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, qolaversa, aholi bandligini ta’minlashga, har bir fuqaro o‘zining daromad manbaiga ega bo‘lishiga, hayotidan rozi bo‘lib yashashini ta’minlashga, pirovardida xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Turg‘unboy ASHUROV,

Asaka tumanidagi Bosh vazir qabulxonasi mudiri.

O‘zA