Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bosh vazir qabulxonasi tadbirkor tayanchiga aylandi
17:02 / 2020-07-10

Kichik va oʻrta biznes shaklidagi tadbirkorlik subyektlari ushbu barcha jarayonlarning bevosita qatnashchisi sanaladi.


Milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish, hududlar, tuman va shaharlarni kompleks va mutanosib holda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiy ettirish, tadbirkorlik faoliyati uchun teng imkoniyatlar yaratish, monopoliyaning har qanday koʻrinishga chek qoʻyish, davlat-xususiy sherikchilik tizimini takomillashtirish – hozirgi iqtisodiy siyosatimizning eng muhim yoʻnalishlaridir, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Kichik va oʻrta biznes shaklidagi tadbirkorlik subyektlari ushbu barcha jarayonlarning bevosita qatnashchisi sanaladi. Iqtisodiyotning qaysi sohasini olmaylik, uning taraqqiy etishini xususiy sektor ishtirokisiz tasavvur qilib boʻlmaydi.

Shu bois mamlakatimizda ishbilarmon doiralar vakillarining haq-huquqlarini ishonchli himoyalash, yaratilgan imkoniyatlardan emin-erkin foydalanishi yoʻlidagi sansalorliklarni bartaraf etish, ularga koʻrsatilayotgan davlat xizmatlari sifati va samarasini oshirish, jamoatchilik nazorati mexanizmlarini amalda tatbiq etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Bosh Vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari tashkil qilingani mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini sifat jihatdan yaxshilash, biznes vakillarining faoliyatiga toʻsiq boʻlayotgan muammolarni oʻz vaqtida bartaraf etish, aholining tadbirkorlikka ishtiyoqini yana-da ragʻbatlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Buni birgina Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi Bosh vazir qabulxonasi faoliyati misolida ham koʻrish mumkin.

Joriy yilning birinchi yarmida mazkur qabulxonaga tadbirkorlardan 219 ta murojaat tushgan. Ularning 125 tasi Call markaz orqali kelgan boʻlsa, 38 tasi sayyor qabullar jarayonida qayd qilingan. Qolgan 52 tasi esa qabulxonaga toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻllangan. Murojaatlar, asosan, yer ajratish, gaz, elektr va suv taʼminoti, kredit, soliq masalalariga taalluqli boʻlib, aksariyat qismining ijobiy hal etilishi natijasida tadbirkorlarning ham vaqti, ham naqdi tejalishiga erishildi.

Misol uchun, Qiziltepa mahalla fuqarolar yigʻini hududida faoliyat olib borayotgan “Qamashi Muqaddas zamin servis” masʼuliyati cheklangan jamiyati 2019-yilda xorijdan 500 ming AQSH dollari miqdoridagi mablagʻ evaziga gips ishlab chiqarishga moʻljallangan uskunalar olib kelib oʻrnatgan. Ammo gaz oʻtqazish masalasi ha deganda hal boʻlavermay, korxona bir muddat faoliyatsiz qolib ketgan. Masʼuliyati cheklangan jamiyati vakillari gaz taʼminoti idorasining tuman va viloyatdagi tashkilotlaridan joʻyali javob ololmagach, Bosh vazir qabulxonasiga murojaat qilgan. Qabulxona vakillari ushbu murojaatni jiddiy nazoratga olib, tadbirkorning muammosi hal etildi.

Keyin elektr taʼminotidagi uzilishlar va kam kuchlanishli tok berilishi uskunalarning bir zayilda ishlashiga toʻsqinlik qilgan. Qabulxona xodimlari aralashuvi bilan bu muammo ham bartaraf etilib, ayni paytda korxona toʻla quvvat bilan faoliyat koʻrsatayapti. Bu yerda bir kunda 100 tonnaga yaqin sanoatbop mahsulot ishlab chiqarilmoqda.

Korxonaga gips toshlari Langar tomonlardan olib kelinib, avval kichikroq boʻlaklarga boʻlib chiqiladi. Keyin bu toshlar yirik quvvatning yanchgich uskunasiga solinadi. Yanchgichdan tegirmonga, tegirmondan elakka, elakdan qizitish pechiga oʻtgan xomashyo bir necha bosqichli jarayonlardan soʻng G-7 sifatidagi tayyor mahsulotga aylanadi. Shundan soʻng esa qoplarga joylab buyurtmachilarga yetkazib beriladi. Korxonada 25 kishi ish bilan band etilgan.

Korxona rahbari Oʻrol Jabborov yaqin orada faoliyat turlarini kengaytirib, yangi sexlar tashkil etib, ish oʻrinlari sonini yana-da oshirish niyatida. Xususan, gipsakarton ishlab chiqarish sexi tashkil qilishni moʻljallab turibdi. Bu mahsulotga qurilishda talab nechogʻli yuqoriligini hisobga olsak, uning loyihasi istiqbolli ekani yaqqol koʻzga tashlanadi. Demakki, tadbirkorining bir muammosi hal etilishi bir qancha imkoniyatlardan samarali foydalanilishi uchun keng yoʻl ochmoqda.

Tumandagi Gʻallakor mahalla fuqarolar yigʻinida joylashgan “Sumbula” fermer xoʻjaligiga avvallari Orzigul Abdijabbarovaning otasi rahbarlik qilgan. Keyin esa xoʻjalikni qizining nomiga xatlab berib, birgalikda faoliyat yuritib kelishgan. Fermer xoʻjaligida har yili moʻl hosil yetishtirilib, barcha ish risoladagidek davom etayotgan boʻlgan. 2019-yilning oxirida otasining vafotidan soʻng 87 gektar lalmi yerda dehqonchilikni davom ettirish Orzigulning zimmasida qoladi. Otasining ishini davom ettirib, 67 gektar yerga gʻalla, 10 gektariga masxar, 10 gektariga esa zigʻir ekadi. Ammo kunlarning birida fermer xoʻjaligini yangi egasi topilib qoladi. Yaʼni tuman mutasaddilari anglashilmovchilik bilan Orzigul Abdijabbarovaning otasini vafotidan keyin xoʻjalik egaligini boshqa bir shaxsga berib yuboradi. Lekin ushbu yer 2017-yilda otasi hayotligidayoq unga xatlab berilgan edi. Bosh vazir qabulxonasi vakillari uning murojaatini nazoratga olib, noqonuniy qaror bekor qilinishiga va “Sumbula” fermer xoʻjaligining yerlari oʻziga qaytarishiga erishiladi. Bundan ruhlangan xoʻjalik rahbari yangi rejalar ustida bosh qotirmoqda. Lalmi yerlarning bir qismiga tomchilatib sugʻorish texnologiyalariga asoslangan bogʻ va tokzor tashkil qilishni moʻljallab turibdi.

Bosh vazir qabulxonasi mutasaddilari nazorati ostida tumandagi yana bir tadbirkor Botirali Ismoilovning murojaati hal qilinishi natijasida esa “Oynakoʻl” mahalla fuqarolar yigʻini hududi yana-da fayzili goʻshaga aylanmoqda.

Botirali yaqinda Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetini bitirib qaytdi. Qishlogʻida oʻz tadbirkorligini yoʻlga qoʻymoqchi boʻlib, “Yigitali-Botirali mulk invest” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga asos soldi. 60 sotix yer olib, zamonaviy mini futbol maydoni, maishiy xizmat koʻrsatish majmuasi qurishga kirishdi. Keyin mablagʻ muammosiga duch kelib, tijorat bankiga murojaat qildi. Ammo hadeganda ishi hal boʻlavermagach, Bosh vazir qabulxonasiga bordi. Natijada qisqa fursatda 200 million soʻm kredit olib, qurilish ishlari jadal davom etdi.

Bugun bu majmuadagi mini futbol maydoni qishloq ahlining sevimli goʻshasiga aylangan. Majmuada savdo doʻkoni faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Tadbirkor ayni paytda qurilishi bitay deb turgan mana bu binoni bolalar poyabzali tayyorlanadigan sexga aylantirmoqchi. Buning natijasida Qamashida yana bir xaridorgir mahsulot ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilishidan tashqari, qoʻshimcha 10 ta ish oʻrni ham yaratiladi.

Qamashida Bosh vazir qabulxonasiga murojaat qilib, ortiqcha ovoragarchiliklardan, sargardonlikdan qutulgan, ishi bitib, yana yangi, istiqbolli rejalar tuzayotgan bunday tadbirkorlar koʻpchilikni tashkil etadi. Darvoqe, ularga Bosh vazir qabulxonasi huzurida tuzilgan Jamoatchilik kengashi aʼzolari ham yaqindan yordam berishayapti.

Kengash tarkibiga tadbirkorlik faoliyatiga bevosita xizmat koʻrsatuvchi davlat hamda koʻmaklashuvchi jamoat tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlari, siyosiy partiyalar vakillari kiritilgan boʻlib, unga tumanda oʻz obroʻ-eʼtiboriga ega boʻlgan tadbirkor rahbarlik qiladi.

Demak, tadbirkorning dardini tadbirkor eshitadi, tadbirkorning dardini tadbirkor tushunadi. Natijada hudud ishbilarmonlari oʻrtasida hamjihatlik, ogʻizbirlik paydo boʻladi. Baʼzi muammolarni ular paydo boʻlmasdanoq aniqlash, uni hal etish uchun Xalq deputatlari tuman kengashi muhokamasiga kiritish imkoni tugʻiladi.

Jamoatchilik kengashi raisi Abdumalik Namozovning aytishicha, qabulxonaga murojaat qilinmagan holatlar ham kengash eʼtiborida boʻladi. Ularni oʻz vaqtida hal etish boʻyicha tegishli tashkilotlarga taklif-tavsiyalar beriladi. Bir soʻz bilan aytganda, jamoatchilik kengashi tadbirkor va Bosh vazir qabulxonasini bogʻlovchi koʻprik vazifasini oʻtamoqda.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, Qamashidagi Bosh vazir qabulxonasi va uning huzurida tashkil qilingan jamoatchilik kengashi tadbirkorlik subyektlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, ularning muammolarini hal etish, boshqacha aytganda, tadbirkorga ham yeng, ham yoqa boʻlishga intilmoqda. Bu harakatlar zamirida hududni har jihatdan rivojlantirish, xalqning turmushini yana-da farovon qilishdek ezgu ishlar mujassam.