Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bosh vazir o‘rinbosari sayyor qabul o‘tkazdi
09:58 / 2022-06-10

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova poytaxtimizdagi Yashnobod tumanida sayyor qabul o‘tkazdi.

Qo‘mita matbuot xizmatiga ko‘ra, sayyor qabulda tuman hokimi, ichki ishlar mutasaddilari, moliya hamda qurilish boshqarmasi, tuman tibbiyot birlashmasi vakillari, aholi bandligiga ko‘maklashish markazi vakillari ishtirok etdi. 

Bosh vazir o‘rinbosari Zulayho Mahkamovaga asosan subsidiya olish, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, aliment undirish, ajrim masalalarida murojaatlar yo‘llandi. Shuningdek, notinch oila vakillari muammolari tinglandi. Tibbiy ko‘makka muhtoj bo‘lgan fuqarolar murojaati ham e’tibordan chetda qolmadi. 

Zulayho Mahkamova tumandagi “Ahmad Yassaviy” mahallasida olib borilgan ishlar bilan ham yaqindan tanishdi. U yerda tashkil etilgan “Onalar bog‘i” hamda “Uch avlod bog‘i”da hudud aholisi madaniy hordiq chiqarishlari uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Bundan tashqari Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi mutasaddilari ko‘p qavatli uylar yerto‘lasidan unumli foydalangan tadbirkorning o‘quv markazida ham bo‘ldi. Shu yerda faoliyatini yo‘lga qo‘ygan “Aurum” tikuv korxonasida bandligi ta’minlangan 20dan ortiq xotin-qizlar bilan uchrashdi. Mazkur tikuv korxonasida turli sport kiyimlari tikilib, mahalliy tadbirkorlarga yetkazib berilmoqda.  

Qo‘mita raisi tumandagi Monomarkazda hudud xotin-qizlar faollari bilan ham uchrashdi. Uchrashuv davomida faollarning vakolatlari, vazifalari, murojaatchilar bilan ishlash tartiblari bilan tanishdi. Joylarda istiqomat qiluvchi xotin-qizlar davlat tomonidan ajratiladigan turli imtiyoz va imkoniyatlardan bexabar ekanligini xotin-qizlar faollarining sust ishlayotgani bilan baholadi.  

Bundan tashqari Zulayho Mahkamova Sergeli tumanidagi “Madadkor” mahallasiga tashrif buyurib, u yerda tuman Oila va xotin-qizlar bo‘limi rahbari tomonidan mahallalarda tashkil etilgan ishlar ko‘rgazmasi bilan ham yaqindan tanishdi. Mahalla xotin-qizlar faoli ishini samarali tashkil etish hamda xotin-qizlar bilan ishlashda olib borilayotgan chora-tadbirlar bo‘yicha hamkor tashkilotlar taqdimotida ham ishtirok etdi.  

Sektor rahbari, tuman hokimi yordamchisi hamda hamkor tashkilot vakillari bilan hududda istiqomat qiluvchi aholining murojaatlari tinglandi.  

Shundan so‘ng Z.Mahkamova mahallada mavjud muammolarni, ayniqsa ajrim, himoya orderi, notinch oilalar bilan ishlash, probatsiya hisobida turuvchi oilalarga ko‘mak berish, ularni ish bilan ta’minlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi maqsadli jamg‘arma tomonidan imkon qadar yordam berishga oid imkoniyatlar xususida batafsil to‘xtaldi. 

Mutasaddi xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularni qo‘shimcha kasbga o‘qitish bo‘yicha monomarkazlarga jalb etish, o‘z-o‘zini band qilish borasida qilinishi zarur bo‘lgan ishlar haqida gapirar ekan, bu borada Toshkent shahrida o‘ziga xos tajriba borligini va mana shu tajribani butun respublikaga ommalashtirish kerakligini ta’kidladi. 

N.Usmonova, O‘zA