O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova Marhamat tumani “Qoraqo‘rg‘on” mahalla fuqarolar yig‘inidagi fermer xo‘jaligi dalasida o‘tkazilgan “Paxta sayli” tadbirida ishtirok etdi.
Shu kunlarda mamlakatimizning barcha hududlarida yetishtirilgan paxta hosilini yig‘ib-terib olish ishlari qizg‘in davom etmoqda. Yig‘im-terimda asosan uy bekalari, ko‘ngillilardan iborat xotin-qizlar qatnashmoqda. Terimda qatnashayotgan ana shu opa-singillarimiz yaxshigina daromad topib, oilalari byudjetini mustahkamlashga yordam bermoqda.


Bosh vazir o‘rinbosari “Abdurahmonov” fermer xo‘jaligi dalasida tushlik paytida o‘tkazilgan “Paxta sayli” tadbirida terimchi opa-singillarimizning mehnatlarini alohida e’tirof etdi.
Tadbirda Bosh vazir o‘rinbosari mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ayniqsa, muammolarini hal etish, turmush farovonligini yuksaltirish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini alohida ta’kidladi.


Zulayho Mahkamova Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari Gulnora Ahmedova, tuman hokimi Ergashali Abdujalilov hamrohligida terimchilar bilan paxta dalalarida yaratilgan sharoitlar, terim pullarining o‘z vaqtida berilishi xususida suhbatlashdi. Yurtimiz sanoatining muhim xom-ashyosi bo‘lgan paxta hosilini yig‘ib olishda qatnashayotgan, qolaversa, paxta terib qo‘shimcha daromad topayotgan ayollarga faolliklari uchun minnatdorchilik bildirdi.
Tadbir davomida ilg‘or terimchilarga sovg‘a-salomlar ulashildi.
– Bosh vazir o‘rinbosarining bevosita dalaga kelib, paxta terimida qatnashayotgan xotin-qizlardan ko‘ngil so‘rashi, muloqot o‘tkazganligi ularga yanada shijot berdi, kuchiga-kuch qo‘shdi, – deydi “Qoraqo‘rg‘on” mahalla fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar faoli Ra’noxon Qobulova. – Bu nafaqat terim suratini ko‘tarilishiga yordam berdi, balki terimchi opa-singillarimizga bo‘lgan e’tiborning yorqin namunasi bo‘ldi.
F. Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari