Prezident Shavkat Mirziyoyev ayni paytda bo‘lib o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida mahalliy sanoatni rivojlantirish uchun har bir hududda ishlab chiqarishni kamida 3-4 baravarga oshirish zarurligini ta’kidladi.
Shu bois, mahalliy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha mutlaqo yangi “vertikal” tizim joriy etilishi qayd etildi. Bu masalaga viloyat hokimlarining shaxsan o‘zi mas’ul bo‘ladi va ishlarni “ichki talabni o‘rganish – importni tahlil qilish – resurs bazasini aniqlash – yangi loyihalarni amalga oshirish” zanjiri orqali yo‘lga qo‘yadi.
“O‘zsanoatqurilishbank” raisi qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va loyihalarni moliyalashtirish ishlariga mas’ul va javobgar bo‘ladi.
Joriy yil 1 iyulga qadar xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda, bankning investitsiya kompaniyasi va barcha filiallarida konsalting markazlarini tashkil qiladi.
Yig‘ilishda mahalliy sanoatni rivojlantirish vazifalari Bosh vazir o‘rinbosari S.Umurzoqov va uning tizimiga yuklatildi. Mahalliylashtirish bo‘yicha hokim yordamchilari ham ushbu tizim bilan birlashtirilib, ularning vazifalari qayta ko‘rib chiqilishi aytildi.
Videoselektorda S.Umurzoqovga ikki oy muddatda mahalliy sanoatning har bir yo‘nalishi bo‘yicha tumanlar kesimida alohida dasturlar ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
Shu bilan birga, Bosh vazir o‘rinbosari S.Umurzoqov va “O‘zsanoatqurilishbank" raisi viloyat hokimlari bilan birga, quyidagi muhim ishlarni tashkil etishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Birinchidan, har bir viloyat, tuman hokimining mavjud zaxiralarni ishga solish bo‘yicha aniq rejalari bo‘lishi kerak.
Prezident G‘ozg‘ondagi qurilish materiallari klasteri tajribasi barcha hududda joriy etilsa, mahalliy sanoat keskin rivojlanishini ta’kidladi.
Misol uchun, bugungi kunda respublikadagi mavjud pardozbop toshlar zaxirasining 30 foizidan ham foydalanilmayapti.
Bu ko‘rsatkich Buxoroda – 11 foiz, Qashqadaryoda – 13 foiz, Toshkent viloyatida – 15 foiz. Jumladan, Boysun tumanida 7 turdagi foydali qazilmalarni (ohaktosh, bazalt, dolomit, kvars qumi, pardozbop toshlar) qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish mumkin.
Yoki Peshku tumanida 24 million kubmetr tabiiy qoplama toshlar, 1,3 million tonna grafit, 450 ming tonna mineral bo‘yoqlar uchun xomashyo zaxiralarini ishga solish rejalashtirilgan.
Yig‘ilishda Boysun va Peshku tumanlari hokimlari bu borada amalga oshiradigan ishlari haqida axborot berdi.
O‘zA